“Sevimli” telekanali rahbari Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlarda telekanalda efirga uzatilgan “Sabriya” seriali yuzasidan bildirilayotgan tanqidlarga munosabat bildirdi.

U serialning 14-yanvar kuni namoyish etilgan 32 qismi yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, serialning yigit qizga hamla qilmoqchi bo‘lgan harakati aks etgan bir epizodi tarqalib ketgan va u muhokamalarga sabab bo‘lgan.

“Ssenariyda ko‘rsatilgan zo‘ravonlik sahnasini rejissyor odam tanasini, qon va urushni ko‘rsatmay suratga olgan. Ochiq zo‘ravonlik, behayo yoki ahloqsiz sahnalar ko‘rsatilmagan. Qolaversa, giyohvand zo‘ravon o‘z amaliga yarasha jazosini serialning shu qismida olgani ko‘rsatilgan. Yovuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz. „Sabriya“ serialidagi voqealar ham real insonlar hayotidan olingan”, — deydi telekanal rahbari.

U ayollarning erkinligi va ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasini har qadamda yozishi va ko‘p gapirishini qayd etgan. “Men ayollarga nisbatan har qanaqa zo‘ravonlikka qarshiman”, — dedi u.

Qolaversa, telekanal kontentida ushbu illat asoratlari haqidagi “Zirapcha”, “Sen va men”, “Bir kaft tuproq”, “Qafasda…” kabi ayollar mavzusiga qaratilgan katta loyihalarga qo‘l urishganini eslatib o‘tdi. “Bu loyihalarda ham jamiyatdagi kamchiliklarni ko‘rsatib, qahramonlar hayotini izga solishga hissa qo‘shganmiz”, — dedi u.

“Sevimli telekanali „Sabriya“ seriali namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergan, qolaversa, „ahloqsiz“ degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli”, — degan fikrda Amira Rashidova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu serial rejissyor Nasiba Tursunovaning ilk ishi. “Ko‘plab kino ijodkorlar qatori, Sevimli uni ham qo‘llab-quvvatladi, ishonch bildirdi. Kelajakda ham u bilan hamkorlik qilish niyatidamiz, ijodkorni sindirishlariga qarshiman…”, — deya e’tiroz bildirdi telekanal rahbari.

Ta’kidlanishicha, bir yil oldin telekanallar asosiy kontentini turk seriallari egallagandi, bugunga kelib esa har bir telekanalda 2−3tadan milliy seriallar namoyish etilmoqda.

“Lekin, shu bilan birga uzatilayotgan seriallardan ommaning ko‘ngli to‘lmayapti, bunga ko‘p sabab bor, ijodiy va texnik muammolar yetarli… Biz o‘tish davridamiz. Milliy seriallarimiz yaxshiroq bo‘lishiga ishonaman, har holda urinishlar yo‘q emas, garchi bu oson bo‘lmasa-da, shunchaki hammasiga vaqt kerak”, — dedi u.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham izoh berdi.

“Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan „Sevimli“ telekanalida namoyish etilayotgan „Sabriya“ seriali haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz. Bu rejissyorning dastlabki ishlaridan biri ekanligiga qaramasdan telekanal Badiiy kengashi zarur darajada o‘z taklif, tavsiya va amaliy yordam bermaganligi ma’lum bo‘ldi”, — dedi u.

Jamoatchilik va teletomoshabinlarning bu serialga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarini telekanali ta’sischilari va ijodiy jamoasi albatta inobatga olib, zarur tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘rishi darkor, degan fikrda u.

“Nodavlat telekanallari efirida uzatilayotgan va tomoshabinlar tomonidan tanqid qilinayotgan seriallarning asosiy qismi xususiy prodakshn studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Kelgusida mazkur studiyalar bilan hamkorlikda ishlashimiz, ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, ammo, suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va g‘oyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etish zarurati yaqqol ko‘zga tashlandi. Ushbu tavsiyaviy harakterga ega Kengashga kino san’ati sohasidagi malakali, yetuk va professional mutaxassislar jalb etilishini taklif qilaman”, — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “hozirda kuzatilayotgan kamchiliklarni oldini olish uchun bu jarayonda barcha telekanallar va xususiy prodakshn studiyalar bilan milliy seriallar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, endilikda son emas seriallar sifatiga alohida e’tibor qaratiladi”.

U shuningdek, xalqning ma’naviy ehtiyojlarini qondiradigan, badiiy mazmuni yuqori, g‘oyaviy jihatdan milliy manfaatlarga javob beradigan seriallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur loyihasini ishlab chiqib, Hukumatga kiritish asosiy vazifa ekanligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, “Sabriya” milliy serialidagi behayo sahna ko‘rinishlari jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lganidan so‘ng, AOKA serial ekspertizadan o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” seriali yuzasidan munosabat bildirgandi. “Hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman”, — degandi u.

Qolaversa, u serialdagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari va isnoddan qutulishning yagona “to‘g‘ri” yo‘li sifatida o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatilgan epizodlar uchun ijodkorlarni tanqid qilgandi. “Ularda hech qanday sog‘lom fikr yo‘q. Bu — O‘zbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi, xolos”, — deya ta’kidlagandi Saida Mirziyoyeva.