Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sur’ati qoniqarsiz ekanini ta’kidlagan.

Joriy yilda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushishi prognoz qilinayotgan mablag‘lar ko‘rsatkichi juda kamligi, tarmoq va hududlarda hanuzgacha 2 mingta samarasiz ishlatilayotgan davlat mulki obyektlari mavjudligi keskin tanqid qilindi.

Viloyat hokimliklari balansida ham yillar davomida 170 ga yaqin bo‘sh obyektlar sotilmasdan turibdi.

«Shuning uchun Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi F.Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan e’lon qilindi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarma boshliqlarini ishdan olish, transformatsiya va xususiylashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun «O‘zagroservis» jamiyati raisi R.Xayitovga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.