O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 2021 yil davomida xorijda halok bo‘lgan 518 nafar fuqaroning jasadini o‘z vataniga olib kelishga ko‘maklashgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Shu davrda xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan 321 nafar fuqaro ham vataniga qaytarilgan.

Agentlik tomonidan 7534 nafar mehnat muhojiriga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan, 358 nafari xostelga vaqtincha joylashtirilgan, xorijda og‘ir jarohat olgan 17 nafar muhojirning tibbiy xarajatlari qoplab berilgan.

Shuningdek, xorijdagi mehnat muhojirlarining 8811 nafariga agentlik tomonidan huquqiy, 295,1 ming nafardan ko‘prog‘iga maslahat xizmatlari, 6283 nafariga ijtimoiy va 13,4 ming nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, agentlik tomonidan mehnat muhojirlariga ish beruvchilardan qariyb 984,1 ming AQSh dollari miqdorida ish haqi va pul kompensatsiyasi to‘lanishi ta’minlangan.