«Zakovat» intellektual o‘yini g‘olib va sovrindorlari OTMlarga imtihonsiz qabul qilinadi

Prezident qarori bilan «Zakovat» intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar hamda OTM talabalari ta’limning keyingi bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston bog‘i»ga tutash hududda «Zakovat intellektual o‘yinlari klubi» uchun alohida bino hamda «Intellektual o‘yinlar shaharchasi» barpo etiladi. Qolaversa, «Zakovat» stipendiyasi joriy etiladi.

Sirdaryo va Xorazm viloyatlari hokimlariga hayfsan berildi

Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektorda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan berildi. Qolaversa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarma boshliqlari ishdan olindi.

O‘zbekistondagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi

Prezident qaroriga asosan maktablardagi yoshlar yetakchilari shtat birliklari qisqartirilib, uning o‘rniga respublikadagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ularga mahalladagi xonadonlar soniga qarab, 4 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha maosh to‘lanadi. Har chorakda eng ilg‘or 100 nafar yetakchi esa bir oylik maoshga teng pul mukofoti hamda «Yangi O‘zbekiston islohotchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

2021 yilda 2804 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilgan

Bosh prokuratura 2021 yilda 2804 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini, ularning jinoyati oqibatida esa davlatga 913,7 mlrd so‘mlik moddiy zarar yetganini ma’lum qildi. Mansabdorlarning 1741 nafari rastrata, 269 nafari firibgarlik, 153 nafari pora olish, 12 nafari pora berish, 41 nafari mansab soxtakorligi kabi jinoyatni sodir etgan.

3 yarim oyda vaksina olmagani uchun jami 41 mingdan ortiq xodim ishdan chetlatilgan

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati 2021 yilning 1 oktabridan beri respublika bo‘yicha 56 mingdan ko‘proq budjet va xo‘jalik yurituvchi tashkilotlarda tekshiruvlar o‘tkazgan. Buning natijasida koronavirusga qarshi emlanmagan 41 179 nafar ishchi-xodimlar vaqtincha ishdan chetlatilgan, 4 139 ta holatda esa ish beruvchi jarimaga tortilgan.

Chorshanba kuni 1307 kishida koronavirus aniqlandi

Ketma-ket ikkinchi kun antirekord yangilandi, chorshanba kuni yana 1307 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Yana 4 nafar bemor virus asoratlari oqibatida vafot etdi.

«Ëvuzlikni ko‘rsatmay yashaydigan zamonda emasmiz». «Sevimli» TV rahbari — «Sabriya» seriali haqida

«Sevimli» telekanalida efirga uzatilgan «Sabriya» serialidagi behayo epizodlarga nisbatan bildirilgan tanqidlardan so‘ng, telekanal rahbari Amira Rashidova munosabat bildirdi. «Ëvuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz», — dedi u. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov esa serial «haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz» ekanligini tan oldi.

5 yoshdan katta bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat berildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ham koronavirusga qarshi emlashga ruxsat berilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, bu bo‘yicha alohida ko‘rsatma tayyorlangan va bolalar 0,1 ml doza «Pfizer» vaksinasi bilan emlanadi.

MB asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. MBda o‘tgan yili inflyatsiyani yuzaga keltirgan asosiy omillar oziq-ovqat va energiya-yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada o‘sishi ekanligi ta’kidlandi. «Inflyatsion jarayonlar yil so‘ngida noaniqliklar va pandemik xatarlar fonida narxlarga uzoqroq muddat davomida bosim yaratishi mumkin», — deyiladi regulyator xabarida.

Bunyod Abdullayev Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati rahbarligiga qaytdi

Bunyod Abdullayev oradan qariyb 1 yil o‘tib, Ekologiya davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimiga qayta tayinlandi. U 2021 yilning fevralida ishdan bo‘shatilgandi.

Bir yil ichida 518 nafar o‘zbekistonlikning jasadi xorijdan olib kelindi

O‘tgan yili Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida xorijda vafot etgan 518 nafar fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, agentlik og‘ir ahvolga tushib qolgan 321 nafar fuqaroning vatanga qaytishiga ham yordam bergan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot chog‘ida amaliy hamkorlikni kengaytirish qolaversa, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.

Endi yo‘qolgan ashyolar bo‘yicha xizmatlarni Davlat xizmatlari markazlari ko‘rsatadi

Hukumat qarori bilan IIV tizimidagi «Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi, uning o‘rniga topilmalarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish bo‘yicha xizmatlar DXM tomonidan ko‘rsatiladi. Topilmalar 6 oygacha saqlanadi, agar bu vaqt ichida egasi aniqlanmasa, ashyo davlat mulkiga o‘tadi va auksionda sotib yuboriladi.

«Vaqf» fondi 2021 yilda qariyb 70 mlrd so‘mni xayriya qildi

«Vaqf» xayriya jamoat fondi o‘tgan yili xayriya, zakot, diniy tashkilotlar, aksiyalar, homiylar va hamkor tashkilotlardan kelib tushgan 69 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirdi. Shundan 36 mlrd so‘mdan ko‘prog‘i masjidlar va ziyoratgoh xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, qariyb 7 mlrd so‘mi nochor, ko‘makka muhtoj fuqarolarga yordam berishga, yana 10 mlrd so‘mi pandemiya davrida diniy soha vakillarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.

2021 yilda «O‘zbekneftgaz» tizimida 717 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi

«O‘zbekneftgaz» jamiyati tizimida 2021 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 717,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan 91,9 mlrd so‘m kamomad va o‘zlashtirishlar, 57,8 mlrd so‘m jamiyatga zarar, 219,9 mlrd so‘m boshqa xato va kamchiliklarni tashkil qildi.

Abatbay Daniyarov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi

Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Abatbay Daniyarov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Bu — o‘limning boshlanishi». Mahalliy ishlab chiqaruvchi — go‘sht importiga QQS va bojning bekor qilinishi haqida

Hukumat bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht importi va sotuvida QQSning nol stavkasini 30 aprelgacha uzaytirishni rejalashtirmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar Jizzax Organic va Promeat chorvachilik va go‘sht yetishtirish sohasida ahvolning qanday kechayotgani, QQSdan ozod qilish qanday oqibatlar va xavf-xatarlarga olib kelishi, go‘sht narxi oshishining oldini olish uchun qanday muqobil yechim taklif qilishlari haqida so‘zladi.