Bosh prokuratura 2020−2021-yillarda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni, davlatga keltirilgan zarar va jinoyat turlari to‘g‘risidagi infografikani e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2021-yil davomida respublika bo‘yicha jami 2345 ta jinoyat ishi bo‘yicha 2804 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 16 nafari respublika (2020 yilda 9 nafar), 241 nafari viloyat (2020 yilda 45 nafar) va 2547 nafari (2020 yilda 1669) tuman (shahar) miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Infografika: Bosh prokuratura

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 1741 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (2020 yilda — 660 nafar), 269 nafari firibgarlik (2020 yilda -167 nafar), 153 nafari pora olish, 168 nafari mansab vakolatini suiiste’mol qilish (2020 yilda — 47 nafar), 42 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (2020 yilda — 25 nafar), 41 nafari mansab soxtakorligi (2020 yilda — 11 nafar), 12 nafari pora berish va 353 nafari boshqa jinoyatlarni (2020 yilda — 280 nafar) sodir etgan.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida 2021 yilda davlat va jamiyat manfaatlariga 913,7 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, tergov jarayonida ushbu zararning 714,8 mlrd so‘mi 78,2% undirilgan. 2020 yilda yetkazilgan zarar miqdori 500 mlrd 102 mlnn so‘mni tashkil etib, shundan 355 mlrd 754 mln so‘m undirilgan (71%).


Infografika: Bosh prokuratura