O‘zbekistonda 2024 yilda 200 ming so‘mlik kupyuralarni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda payshanba kungi matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

«Biz yagona tizim orqali yaxshi himoyalangan banknotalarimizning ikkinchi seriyasini chiqarishni boshladik. Hozir 100 ming so‘mgacha bo‘lgan [yangilangan] kupyuralarni chiqardik. Naqd pul muomalasini tashkil qilishda ma’lum bir o‘zini qonuniyatlari bor. Bu qonuniyatlar mamlakatda shakllangan o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib, banklarning banknota strukturasi belgilanadi. Biz shundan kelib chiqqan holda kelgusida 200 ming so‘mlik pulni ham chiqarishni rejalashtirganmiz», — dedi MB raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bilan «muomaladagi naqd pullarni optimallashtirish jarayoni» amalga oshirilmoqda.

«Maqsadimiz — banknotalarni strukturasini o‘zgartirib borib, naqd pulni odamlar uchun qulay to‘lov vositasiga aylantirish. Shu sababli bu ishimiz keyinchalik ham davom etadi», — dedi Mamarizo Nurmuratov.


Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda muomaladagi naqd pullar tarkibida asosan yirik nominaldagi banknotlar salmog‘ining oshishi hisobiga banknotlar umumiy soni sezilarli darajada kamaydi.

Jumladan, 2021 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida ularning so‘mdagi miqdori bo‘yicha 100 000 so‘mlik banknotlar ulushi — 27,3 foizdan 34,8 foizga yetgan bo‘lsa, 50 000 so‘mlikning ulushi — 38,8 foizdan 34,2 foizga, 10 000 so‘mlikning ulushi — 15,7 foizdan 14,5 foizga, 5 000 so‘mlik — 16,1 foizdan 12,7 foizga, 1 000 so‘mgacha — 2,1 foizdan 1,4 foizga tushdi.

Shuningdek, 2 000 so‘mlik (0,3 foiz) va 20 000 so‘mlik (2,1 foiz) namunadagi banknotlar muomalaga kiritildi. Buning natijasida, muomalaga chiqarilgan banknotlar soni 492,4 mln. donaga yoki 18 foizga kamaydi.