Adliya vazirligi fermerlar va hokimlkilar o‘rtasidagi yerlarning uzoq muddatli ijara shartnomalarini to‘liq tuzishni oxiriga yetkazish choralarini ko‘radi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva.

Ta’kidlanishicha, fermerning yer uchastkasiga egalik qilish hamda undan foydalanish borasidagi huquq va majburiyatlarini belgilab beradigan asosiy hujjat — yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomasi hisoblanadi.

«Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan „Fermerga madad“ huquqiy aksiyasi natijalari qariyb 10% fermer xo‘jaliklari bilan yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomalari tuzilmaganligini ko‘rsatdi» — deyiladi xabarda.

Shu maqsadda, Adliya vazirligi tashabbusi bilan fermer xo‘jaliklari hamda tuman hokimlari o‘rtasida yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomalari to‘liq tuzilishini ta’minlash maqsadida tuman hokimliklari hamda kadastr organlari bilan birgalikda tegishli tadbirlar amalga oshirilishi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Adliya vazirligi Qoraqalpog‘iston adliya vaziri, viloyatlar adliya boshqarmalari boshliqlariga yuborgan topshiriq xatida shunday deyiladi: «Faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari bilan tuman hokimlari o‘rtasida yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomalari tuzilishini joriy yilning 29 yanvar kuniga qadar kadastr organlari hamda tuman hokimlari bilan birgalikda xatlovdan o‘tkazilsin».

Qolaversa, xatlov jarayonida ijara shartnomasi tuzilmagan holatlar aniqlangan taqdirda fermer xo‘jaliklari va tuman hokimlari o‘rtasida shartnomalarni tuzish, DXM va kadastrdan ro‘yxatdan o‘tkazish topshirig‘i berilgan.

Adliya vazirligi fermerlarga murojaat qilib, agarda tuman hokimi bilan yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, mazkur masalada hududiy adliya organlariga murojaat qilishi so‘ralgan.