Prezident Toshkent jamoat transportidan foydalanish darajasini ikki barobarga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Toshkent jamoat transportidan foydalanish darajasi bor-yo‘g‘i — 21 foizni tashkil qiladi, tizimda qariyb 400 ta avtobus yetishmaydi. Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas, buning oqibatida YTHlar ko‘p sodir bo‘lmoqda, deya ta’kidlandi prezident ishtirokidagi taqdimotda. Shavkat Mirziyoyev yangi avtobus hamda elektrobuslar xarid qilish va umuman, jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Poytaxtlik deputat unga qarshi «siyosiy buyurtma» bo‘lganini ma’lum qildi

Toshkentning Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov «siyosiy buyurtma, provakatsiyalar va bosim» tufayli deputatlik faoliyatini yakunlashi mumkinligini ma’lum qildi. «Gazeta.uz» bilan suhbatda u bular ortida «tuman va shahar hokimliklari bilan bog‘liq uch-to‘rtta deputat» turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Senat mazkur vaziyatni o‘rganmoqda.

AOKA Sevimli telekanalidagi milliy serialga ekspertiza tayinladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sevimli telekanali orqali efirga uzatilayotgan «Sabriya» milliy serialidagi behayo sahna ko‘rinishlari jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lganidan so‘ng, AOKA serial ekspertizadan o‘tkazilishini ma’lum qildi.

«Bu ijodkorlarning buzuq fantaziyasi». Saida Mirziyoyeva — «Sabriya» seriali haqida

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Sevimli telekanalidagi «Sabriya» seriali yuzasidan munosabat bildirib, «hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman», — deya ta’kidladi. Qolaversa, u serialdagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari va isnoddan qutulishning yagona «to‘g‘ri» yo‘li sifatida o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatilgan epizodlar uchun ijodkorlarni tanqid qildi.

Pentagon: O‘zbekiston va Tojikiston aviatexnikalarni Afg‘onistonga qaytarmaydi

Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Tojikistondagi Afg‘onistonning harbiy samolyotlarini joylashtirish masalasi hamon ko‘rib chiqilmoqda. Biroq, u «samolyot va vertolyotlar „Tolibon“ foydalanishi uchun Afg‘onistonga qaytarilmasligiga» ishonch bildirmoqda.

Toshkentdagi Davlat san’at muzeyi va Samarqanddagi Ipak yo‘li muzeyi binolarining loyihalari namoyish etildi

Toshkentdagi Davlat san’at muzeyi va Samarqanddagi «Ipak yo‘li» muzeyining yangi binolari loyihalari taqdim etildi. Birinchisi 2022−2023-yillarda Alisher Navoiy haykali va Xalqlar do‘stligi saroyi o‘rtasida, ikkinchisi Universitet xiyoboni va Bobur Mirzo ko‘chasi oralig‘ida qurilishi rejalashtirilgan.

Antirekord yana yangilandi: 1200 dan ortiq kishi koronavirucga chalindi

Seshanba kuni koronavirusning kunlik holati 1214 taga yetib, antirekord yana yangilandi. 3 nafar bemor esa vafot etdi. Bunga qadar, eng ko‘p holat 16 yanvar kuni — 1037 kishida virus qayd etilgandi.

Qoraqalpog‘istonda muqovasidagi xato sabab «Alipbe» metodik qo‘llanmalari qaytarib olinadi

Qoraqalpoq tilidagi o‘qituvchilar uchun «Alipbe» metodik qo‘llanmalari muqovadagi xatolik sababli qaytarib olinmoqda. Aniqlanishicha, qo‘llanmaning muqovasi tegishli komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nashriyotga yuborilgan.

Lacetti va Cobalt mijozlarga vaqtincha magnitolasiz yetkazib beriladi

UzAuto Motors komponentlarni yetkazib berishdagi uzilishlar sababli mijozlarga Lacetti va Cobalt avtomobillarini magnitolasiz yetkazib beradi.

Bloger Miraziz Bozorov ishi bo‘yicha sud kuni aniq bo‘ldi

Sud 20 yanvar kuni toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rishni boshlaydi. Jabrlanuvchilar 4 kishidan iborat bo‘lib, ular orasida bloger Shuxrat Musayev hamda Abror Muxtor Aliy ham bor.

«90−95% bemorda o‘pka zararlanishi kuzatilmayapti» — Zangiota 1-son shifoxonasi direktori

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovning so‘zlariga ko‘ra, «5 yanvardan keyin murojaat qilgan bemorlarning 90−95 foizida o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti». U davolanish muddati o‘rtacha 5 kunni tashkil qilayotgani va kasallik bemorlarda yengil kechayotganini ma’lum qildi.

Poytaxtda vaksina olmagan 1044 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatildi

Dushanba kuni Toshkent shahridagi 508 ta budjet tashkiloti va tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazildi. Buning natijasida koronavirusga qarshi emlanmagan 1044 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatildi, 200 nafari esa jarimaga tortildi. Yana bir tashkilot faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Buxoroda fuqaro IIB binosida vafot etdi

G‘ijduvon tumanida giyohvandlik moddasi sotganlikda gumon qilinib, ichki ishlar boshqarmasiga olib borilgan fuqaro sog‘ligi yomonlashib, vafot etdi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz» ga ma’lum qilishicha, «murdada tan jarohati yoki uning izlari aniqlanmagan». Tibbiy ekspertiza o‘limga o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lganini aytmoqda.

Kuniga o‘rtacha 45−50 mingta PZR-test olinmoqda — SVV

O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 45−50 ming nafar fuqaro koronavirusni aniqlash maqsadida PZR-test topshirmoqda. Dekabrning so‘nggi haftasida ushbu ko‘rsatkich 15−20 mingtani tashkil qilgandi. Qolaversa, poytaxtning 12 ta tumanida 24 soat davomida kovidga bepul test topshirish mumkin bo‘lgan manzillar ro‘yxati e’lon qilindi.

Qariyb 10% fermerlar bilan uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilmagan — Adliya vazirligi

Adliya vazirligi «Fermerga madad» huquqiy aksiyasi doirasida qariyb 10 foiz fermer xo‘jaliklari bilan yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilmaganini aniqlandi. Shundan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston adliya vaziri hamda viloyatlar adliya boshqarmalari boshliqlariga fermerlar va tuman hokimlari o‘rtasida ijara shartnomasini tuzilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Yetim bolalar uchun «Mehr daftari» joriy etildi

Hukumat qaroriga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida «Mehr daftari» tizimi joriy qilindi. Bolalar ushbu daftarga tuman yoki shahar hokimi qarori asosida kiritiladi va undan 25 yoshga to‘lganda chiqariladi. Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi ta’minlangan va uy-joyi mavjud bo‘lishi shart.

Andijonda 12 nafar ayol «Hizb ut-Tahrir» g‘oyalarini o‘rganishda gumon qilinmoqda

Andijonda 12 nafar ayol ijtimoiy tarmoqlar orqali «Hizb ut-Tahrir» g‘oyalarini o‘rganishda gumon qilinmoqda. Ularning Turkiyada bo‘lib turgan ayolning ko‘rsatmalari asosida tez-tez yig‘ilib turishgani aytildi.

Limon yetishtiruvchilarga subsidiyalar beriladi

Hukumat qarori bilan 2021 yildan limon yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga xarid qilgan tabiiy gazga nisbatan muqobil energiya qurilmalari qiymatining 30 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Qolaversa, yangi limonzorlar barpo etish va ko‘chatlar xarid qilishga har bir sotix uchun 300 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya beriladi.

Suriyaga ketishga uringanlikda gumon qilingan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiyaga ishlash uchun borgan qashqadaryolik fuqaro internet orqali xalqaro terrorchi tuzilmalar ta’siriga tushib qolib, Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgani aytilmoqda. U O‘zbekiston DXX hamda Rossiya FXX tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi.

Asilbek Ashurov Paxtakor tumaniga hokim bo‘ldi

Jizzax viloyati prokurori o‘rinbosari Asilbek Ashurov Paxtakor tumani hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda 2018 yildan beri ishlab kelayotgan Shukrullo Boboyevning o‘rnini egalladi.

Qoraqalpog‘istonda ikki yilga qirg‘ovullarni ovlash taqiqlandi

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qirg‘ovullar sonini ko‘paytirish maqsadida hududda 2 yil davomida ularni ovlashga taqiq e’lon qildi. Ekoqo‘mita va IIVga qirg‘ovullarni noqonuniy ovlanishning oldini olish va qoyidabuzarlarga nisbatan choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.

FTA O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishga 100 mln yevro qarz beradi

Fransiya taraqqiyot agentligi 2022−2026 yillarda O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida 100 mln yevro qarz ajratadi. Loyihaning umumiy qiymati 147,7 mln yevro bo‘lib, u dastlab Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida, keyinchalik qolgan hududlarda amalga oshiriladi.