O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich Xalq ta’limi vazirligi tarkibidan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

«Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yo‘q. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirda xalq ta’limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar soni 790 taga yetgan. Ularning 135 tasi to‘liq ixtisoslashtirilgan va yotoqxonasi mavjud. Qolgan 655 ta maktabda atigi 25 foiz sinflarda u yoki bu fan chuqur o‘rgatiladi. Ulardagi ta’lim dasturi, o‘qitish metodikasi, fan to‘garaklari oddiy maktablardan deyarli farq qilmaydi. Misol uchun, matematika yoki chet tiliga ixtisoslashgan sinflarda 2 soat ko‘proq maxsus fan o‘tiladi, xolos.

«Ixtisoslashtirilgan maktab degani 2 soat ko‘p dars o‘tish degani emas. Unda bolalar maxsus fan bo‘yicha to‘liq bilimga, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland bo‘lishi kerak», — degan prezident.

«Bir narsani chuqur tushunib olishimiz kerak: iqtisodiyotimizga juda katta marra olganmiz. Bu yil eksportimizni 14 mlrd dollarga chiqarmoqchimiz. 2025 yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 100 mlrd dollarga, eksport hajmini 30 mlrd dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Buni kim qiladi? Bilimli kadrlar!» — deya ta’kidladi u.

Shu sababli yangi o‘quv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan maktab tanlab olinib, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladi. Bunda o‘sha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli o‘qitilgan fanlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu maqsadda yig‘ilishda ishchi guruh tuzilib, hududlardagi sharoitlarni o‘rganish, tanlangan maktablarni yangi standartlar asosida o‘quv yiliga tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul tartibi, o‘quvchi va muallimlar bilimini baholash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytilgan.

Shuningdek mazkur maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi. Prezident ta’lim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali o‘qituvchilarni jamlab, qo‘shimcha o‘qitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga ko‘maklashish topshirildi.

Agentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro metodika asosida ilg‘or ta’lim dasturlari ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Bu ishlarni samarali tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda Prezident ta’lim muassasalari agentligining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, davlat rahbari xorijiy tillarni o‘qitish sifati pastligini keskin tanqid qilgan.

«Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til o‘rgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini o‘rgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik?», — deya yuzlangan prezident.

Shu bilan birga, yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi boshqa maktablarda ham ta’lim sifatini oshirish, fanlar va xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish masalalari muhokama qilingan.

«Ta’lim tizimini „oyoqqa qo‘ymas“ ekanmiz, islohotlar amalga oshmaydi. Buni bitta vazirlik yoki agentlik ham qilolmaydi. Bunga butun xalqimiz, jamiyatimiz mahkam kirishishi kerak. Najotimiz maktabda, najotimiz ta’limda, najotimiz bilimda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2018 yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning har bir hududida prezident maktablari tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. 2019 yilning fevralida prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjat imzolangandi. Bunday maktab ilk bor Toshkent shahrida ochilgan edi.

Aynan shu oyda prezident qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi belgilangandi.

O‘tgan yilning yoz oyida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi — Prezident ta’lim muassasalari agentligi etib qayta nomlangandi.

2019 yilda O‘zbekistonda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Undan so‘ng yana matematika va fizika fanlari bo‘yicha 126 ta, kimyo-biologiya bo‘yicha 87 ta, axborot texnologiyalari yo‘nalishida 99 ta, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil topdi.