Toshkent viloyatining Toshkent tumanida Damas avtomobilida 77 kglik kartoshka ko‘rinishidagi giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi. Bu 13 yanvar kuni Davlat bojxona qo‘mitasi kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi va DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlangan.

«O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan reportajda, tumanning «Hasanboy» mahallasida Damas`ga bir necha xo‘jalik qoplarini yuklayotgan shaxslar qo‘lga olingani ma’lum qilingan.

«Ushbu qoplar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida tekshirilganida, ularning ichida kartoshka ko‘rinishiga keltirilgan 481 dona o‘ramlar borligi aniqlandi. Mazkur o‘ramlar ochib ko‘rilganida, o‘rami bilan hisoblanganda jami 77 kg 95 grammni tashkil qiluvchi opiy va gashish giyohvandlik vositalari yashirilgan ekan», — dedi DBQ matbuot xizmati boshlig‘i Husan Tangriyev.

Tezkor tadbir davom ettirilganda, giyohvandlik vositalarini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan xorijiy davlat fuqarosi ham qo‘lga olingan.

Shuningdek, hozirda bunga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.