Ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha geografiya fani o‘qituvchilari maktablarda geografiya fani soatlari qisqartirilayotgani haqida o‘z e’tirozini bildirayotgan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, buning oqibatida ish o‘rinlari ham qisqartirishi yoki geografiya o‘qituvchilarining oyligi kamayib ketishi mumkin.

Xalq ta’limi vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, 1−6-sinflarda yagona «Tabiiy fanlar» (Science) fani joriy qilinishi sababli 6-sinfda o‘tiladigan geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3 soatlik «Tabiiy fanlar» kiritilgani ma’lum qilindi.

«Tabiiy fanlar» haqida

XTVning keltirishicha, milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, 2022−2023-o‘quv yilidan boshlab, 1−6-sinflarda yagona «Tabiiy fanlar» fani joriy qilinishi belgilangan. Bu yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy o‘quv dasturi doirasida o‘quvchilarda «Tabiiy fanlar» fani orqali shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar har bir sinf kesimida belgilandi, — deyiladi xabarda.

Bu bilan o‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda yetarli ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishlari uchun xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlang‘ich sinflarda ko‘paytirishga ehtiyoj tug‘ilgan.

Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3 soatlik «Tabiiy fanlar» kiritildi. Ya’ni, endilikda ushbu fanlar bo‘yicha o‘tiladigan dars soatining yarmi yangi fan tarkibiga o‘tkazilmoqda.

O‘z navbatida, qolgan haftalik 3 soat «Tabiiy fanlar» doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga o‘tkazildi. Ya’ni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qo‘shib berilgan.

Geografiya fani nima bo‘ladi?

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, maktabda «geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q».

Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular «Tabiiy fanlar»ga singdirilgan.

Aksincha, «dasturda geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, ya’ni 96 ta mavzuga ko‘paygan». Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi ostidagi xulosalar, asossiz, deyilgan vazirlik xabarida.

Bu borada jahon tajribasida qanday?

Qayd etilishicha, «Tabiiy fanlar» jahondagi aksariyat rivojlangan davlatlarda o‘qitiladi. Xususan, Buyuk Britaniya tajribasi o‘rganilganida, tabiiy fanlar 1−6-sinflarda integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida o‘qitiladi.

«Tabiiy fanlarning quyi sinflarda qo‘shib o‘qitilishi o‘quvchiga olamni bir butun tasavvur qilish, fanlarga oid mavzular kesimida loyiha ishlarini amalga oshirib, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilarning faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini yaxshilash, ularni ijodkorlikka yo‘naltirishga xizmat qiladi», — deyiladi

Bu kabi o‘zgarishlar iqtisodiyot sohalariga xalqaro andozalar asosida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashi bilan o‘quvchilar uchun manfaatli ekani aytilmoqda.

Yangi fan kiritilishi o‘qituvchilarga qanday imkoniyat yaratadi?

Ta’kidlanishicha, milliy o‘quv dasturida aynan Geografiya fani haftalik 8 soat dars o‘tishlishi belgilangan.

«Tabiiy fanlar» yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan geografiya fani o‘qituvchilarida 11 soat dars berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu olqali amaldagi haftalik 10 soat o‘rniga, 11 soat dars berish mumkinligi aytilmoqda.

Shuningdek, vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish bo‘yicha o‘quvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qo‘shimcha soat ajratish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi.

«Mazkur yo‘nalishda qo‘shimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi», deyiladi vazirlik bayonotida.