Kun davomida 935 kishida koronavirus aniqlandi

Dushanba kuni COVID-19 bilan kunlik kasallanishlar soni o‘tgan kunga nisbatan 1037 tadan 935 taga kamaydi. Koronavirus bilan og‘rigan 4 nafar bemor esa vafot etdi.

O‘zbekistonda LOCHIN droni ishlab chiqarildi

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufidagi markaz O‘zbekistonda ilk uchuvchisiz dron ishlab chiqardi. LOCHIN apparati — razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajara oladi. Qolaversa, qurilmadan qishloq xo‘jaligida hamda qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma va muhim obyektlarni kuzatishda foydalanish mumkin (video).

TIV Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini rad etdi

TIV rasmiy vakili «Jibek joli» o‘tish punktida Qozog‘istondagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanligini rad etdi.

2024 yil yakunigacha jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari soliqdan ozod qilinadi

Prezident qarori bilan 2022 yil 1 apreldan 2024 yil 31 dekabrgacha jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Norezident yuridik shaxslar uchun esa 5% stavkada foyda solig‘i tadbiq etiladi.

Geografiya faniga ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q — XTV

Xalq ta’limi vazirligi maktablarda yuqori sinflar uchun geografiya fani soatlari qisqarishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fan o‘qituvchilarining e’tirozlariga munosabat bildirdi. 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona 3 soatlik «Tabiiy fanlar» fani kiritilgan. Qisqarayotgan 3 soat esa «Tabiiy fanlar» doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga qo‘shib berilgan. Vazirlik geografiyaga oid mavzular 96 taga ko‘payganini ham qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston birinchi chorakda COVAX dasturidan 11 mln doza vaksina oladi

YUNISEF vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening ma’lum qilishicha, O‘zbekiston birinchi chorakda COVAX dasturi doirasida 11 mln dozadan ko‘proq vaksina qabul qilib oladi. COVAX orqali hozirgacha yetkazib berilgan vaksinalar hajmi 10 mln dozadan oshgan.

YPX hamda PPX postlarida «Yashil» va «Qizil» yo‘lak tizimi joriy etilishi mumkin

Hukumat qarori loyihasiga muvofiq, 1 martdan boshlab Toshkent viloyatidagi «Chinor» va Namangan viloyatidagi «Namangan» YPX statsionar postlarida «Yashil» va «Qizil» yo‘laklar joriy qilish taklifi bildirildi. Yashil yo‘lakdan qidiruvda bo‘lmagan, qarzdorligi yo‘q hamda texnik soz mashinalar o‘tadi. Qizil yo‘lak esa qoidabuzar va qarzdorligi mavjud haydovchilarga mo‘ljallangan. Postlardagi monitor yordamida haydovchilarga qaysi yo‘lakdan harakatlanishi kerakligi ko‘rsatib turiladi.

Farg‘onada yana uch kishi is gazidan zaharlandi

Farg‘ona shahrida uch kishi is gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘ldi. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2021−2022 yilgi isitish mavsumi boshidan beri 40-baxtsiz hodisa. Mavsum davomida is gazidan jami 54 kishi vafot etgan.

Toshkent viloyatida 77 kg opiy va gashish aynlanmasi to‘xtatib qolindi

Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent tumanida 77 kg giyohvandlik vositasini qoplarda kartoshka ko‘rinishida yashirib, xorijiy davlat fuqarosiga yetkazib bermoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qozog‘iston pul o‘tkazmalarining qariyb 30 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri keldi

2021 yilning 11 oyi mobaynida O‘zbekiston Qozog‘istondan 639 mln dollar qabul qilib olgan, 102 mln dollar mablag‘ esa qo‘shni mamlakatga jo‘natilgan. Shu tariqa Qozog‘iston pul o‘tkazmalarining qariyb 30 foizi O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

100 yosh va undan oshganlarning pensiyasiga qo‘shimcha pul to‘lanadi

O‘zbekistonda 100 yosh va undan oshgan fuqarolarning nafaqasiga pensiyani hisoblashning bazaviy 100% miqdorida — 289 000 so‘m qo‘shimcha to‘lov qilinadi. 1 yanvar holatiga mamlakatda 570 nafar 100 yosh va undan oshgan shaxs istiqomat qiladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Do‘stlik bog‘i uchun kurash. Hokimiyat va fuqarolar o‘zaro til topishish uchun nimalar qilmoqda?

Bir necha yillik qarovsizlikdan so‘ng oktabr oyida Do‘stlik bog‘i qaytadan ochildi, biroq unda ko‘plab kamchiliklar mavjudligi ko‘rinib qoldi. Ko‘ngillilar bog‘da shikastlangan daraxtlar borligidan shikoyat qilmoqda va bog‘ni rivojlantirish uchun investor topishmoqchi. Hokimlik bog‘ni xalqqa qoldirish va’dasini bajarishga intilmoqda. Ko‘ngillilar qanday bog‘ni ko‘rishni xohlaydilar, tuman hokimi bu haqda qanday fikrda va pudratchilar qanday xatolarga yo‘l qo‘yganligiga «Gazeta.uz» muxbiri Sabina Bakayeva aniqlik kiritdi.