Andijon viloyatida noqonuniy kesilgan 12 tup qimmatbaho daraxt ishi bo‘yicha Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan viloyat perinatal markazi hududidagi 12 tup daraxt kesib ketilgandi. Bunda daraxtlarning kesilishi Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilmagani, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov daraxtlarni kesishga buyruq bermagani aytilgan edi.

Shundan so‘ng Davlat ekologiya qo‘mitasi kesilgan qimmatbaho daraxt navlari ro‘yxatiga kiritilgan 12 tup Eldor qarag‘aylari noqonuniy ravishda kesilgani ma’lum qildi.

Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda, daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 115,5 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

Keltirilishicha, prezidentning tegishli farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lsa-da, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh. tomonidan Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilgan.

G‘.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

U BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, unga nisbatan 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolaridan tayinlanishi ham mumkin.

Tergov davom etmoqda.