Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo‘limi xodimlari sud qarorini bajarish evaziga 4 ming AQSh dollari olganligi aytilmoqda.

«Gazeta.uz»ga Majburiy ijoro byurosining matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpulatovning ma’lum qilishicha, mazkur holat Andijon viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari, viloyat prokuraturasi va Byuroning viloyat boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha xodimlari 14 yanvar kuni o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Fuqaro O.Q.ning arizasiga asosan Byuroning Andijon shahar bo‘limi davlat ijrochisi F.F. o‘z ish yurituvidagi qarzdor U.X. va boshqalarni majburiy ko‘chirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro qilib berishlik evaziga Andijon tuman bo‘limi davlat ijrochisi I.Q. bilan birga Andijon shahar Amir Temur ko‘chasidagi bekatlardan birida O.Q.dan 4000 AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan F.F. va I.Q.larga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v,g» bandlari (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Byuro matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, tizim xodimlari o‘rtasida shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha tarmoqlar xizmat mavqeini suiiste’mol qilish va boshqa nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etish holatlarining oldini olish hamda bunga imkon bergan shart-sharoitlarga barham berish borasida profilaktik ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan yilda 3119 ta shu kabi profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. xizmat tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, qo‘pol qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 69 nafar xodimlar intizomiy jazo tariqdasida Byuro organlaridan bo‘shatilgan.

O‘tgan davrda Byuroning 24 nafar xodimi tomonidan sodir etilgan jinoyat holatlarining 18 tasi shaxsiy xavfsizlik tarmoq xodimlarining tashabbuslari asosida fosh etilgan.