17−18 yanvar kunlari O‘zbekistonda beqaror ob-havo saqlanib turadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet. Bu Eron hududlaridan issiq va juda nam havo massalari kirib kelishi bilan bog‘liq.

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin, shimolda yomg‘ir qorga aylanadi.

Havo harorati kechasi +3…+8 daraja, kunduzi +5…+10 darajagacha, ba’zi joylarda havo ochiq bo‘lganda +12 darajagacha yetib borishi mumkin. Shimolda kechasi −3…−8 daraja, kunduzi −3…+2 daraja atrofida bo‘ladi.

Shuningdek, respublika bo‘yicha 19 yanvar kuni ertalabga yomg‘ir jadalligi pasaya boshlashi aytilmoqda.

Lekin kunduz kuni sovuq front o‘tishida ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida kechasi va ertalab ba’zi joylarda biroz qor yog‘ishi kuzatiladi. Respublika bo‘yicha havo harorati kechasi −3…+2 darajagacha, kunduzi +5…+8 darajaga bo‘ladi.

20 yanvar, payshanba kuni O‘zbekistonda havo harorati kechasi −3…+2 daraja, kunduzi +7…+10 darajali quruq va biroz bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

21 yanvar, juma kuni O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizidan biroz nam va nisbatan sovuq havo massasi kirib keladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, shimolda biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 0…+5 daraja, ba’zi joylarda -2 darajagacha, kunduzi +5…+10 daraja bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Qolaversa, 18−19 yanvarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Ushbu sanalarda respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi. 18−19 yanvarda qor ko‘chishi xavfi bor.