Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumani 41-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattarov unga «Bir million o‘zbek dasturchilari» tanlovida diplom hamda ishlatilgan (eski) noutbuk sovg‘a qilinganligi to‘g‘risida videomurojaat bilan chiqqan edi.

Unda o‘quvchi tanlovning tuman hamda viloyat bosqichida «Full-Stask veb-dasturchi» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaganini aytgan. «Menga diplomga adashib, uchinchi o‘rin deb yozib qo‘yibmiz, deyishdi. Keyin esa birinchi o‘rin sovg‘asi noutbuk sovg‘a qilishdi. Uyga borib ochib qaraganimda u eski ekan. Orqasiga 2 maktab Abdumuradova deb yozib qo‘ygan, juda ham eski. Undagi telegram ilovasidan bilib oldim, Jo‘raqulov Sherzod degan o‘qituvchiga tegishli ekan», — deya so‘zlab bergan Sardor Sattarov.

Xalq ta’limi vazirligi 41-maktab o‘quvchisining «Bir million dasturchi» tanlovida foydalanilgan noutbuk berilgani to‘g‘risidagi videomurojaati ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Nurobod tumani hokimligi bunga munosabat bildirib, tanlovning tuman bosqichi 6 yanvar kuni Nurobod tumanidagi umumta’lim maktablarining 7−11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilganini ma’lum qildi. Musobaqada 41-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi S.Sattarov faxrli birinchi o‘rinni olganini keltirgan.

Unga tuman hokimligining faxriy yorlig‘i hamda «Realme C11» rusumli telefon berilgan.

Tanlovning viloyat bosqichi. Foto: Samarqand viloyati XTB.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasining xabariga ko‘ra, tanlovning viloyat bosqichi natijalariga ko‘ra, «Full-Stask veb-dasturchi» yo‘nalishida sovrinli o‘rinlarni boshqa o‘quvchilar qo‘lga kiritgan:

1-o‘rin — Odilov Oybek Ulug‘bek o‘g‘li (Samarqand shahar 42-maktab);
2-o‘rin — Najmiddinov Sardor Akromjon o‘g‘li (Narpay tumani 45-maktab);
3-o‘rin — Sunnatov Shoxrux (Qo‘shrabot tumani 81-maktab) vakillariga nasib etgan.