15 yanvardan boshlab O‘zbekistonga barcha kirib kelganlar nafaqat 48 soatdan ortiq bo‘lmagan salbiy PZR testidan o‘tganligi haqidagi sertifikatga ega bo‘lishlari, balki COVID-19 uchun ekspress test ham topshirishlari talab etilmoqda. Bunday qaror koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatda kasallanishning oshishi va omikron shtammining tasdiqlanishi fonida qabul qilindi. Ekspress test narxi esa — $5 etib belgilangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent aeroportidan olingan videolavhalar tarqaldi, unda turnaqator navbatlar hamda yo‘lovchilar va aeroport xodimlari o‘zaro baxslashayotgani aks etgan. Tashrif buyuruvchilar testlarni olish va to‘lovlarni qabul qilish uchun yetarlicha joy mavjud emasligidan shikoyat qilib, odamlarning to‘planishi kasallik yanada tezroq tarqalishidan havotirda ekanligini bildirgan. Bloger Davletovuz aeroportdan olingan video bilan o‘rtoqlashar ekan, uni «omikronni yuqtirishga turilgan navbat», deya izohladi.

16 yanvar kuni kechki payt Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining O‘zbekistonga kirib kelayotganlarning ekspress testi qanchalik muhimligini tushuntirgan izohini e’lon qildi.

Bayonotda O‘zbekistonda oxirgi 10 kun davomida kunlik kasallanish holatlari 8 barobarga oshgani ma’lum qilingan. Xavfning oldini olish maqsadida xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlarida koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari belgilandi.

Xizmatning qayd etishicha, 15 yanvar kuni Toshkent shahriga uchib kelgan 3801 nafar fuqarolardan ham test sinamalari olingan. Ularning barchasida manfiy PZR testi bo‘lganligiga qaramasdan 67 nafarida musbat natija aniqlangan. O‘zbekistondagi barcha chegara punktlari orqali shu kuni 15 041 nafar fuqaro o‘tgan. Ulardan 151 nafarida koronavirusda musbat natija qayd etilgan. Bu tashrif buyuruvchilarning 1 foizini tashkil etadi.

Qo‘lida kasallikdan forig‘ligi haqida ma’lumoti bo‘lganlarning «nega yana qayta ekspress test topshirishim kerak?», deya berayotgan savoliga SES shunday javob berdi: «Lekin ko‘rib turganingizdek, PZR test topshirgan insonlarda ham virus aniqlanmoqda. Bu esa, kasallik yanada „ayyorlashib“, yashirin ko‘rinishga kirib borayotganidan dalolat».

«Bunday holatda yurtimizga kirib keluvchi har bir fuqaroni koronavirusga eksperss-antigen test topshirtirib qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir», — deyiladi xabarda.

Kasallik aniqlangan fuqarolar holatiga qarab uy sharoitida yoki shifoxonada davolanishga jo‘natilmoqda. Uy sharoitida davolanishi kerak bo‘lganlarga aeroportning o‘zida bepul 4 xildagi dori-darmon berilmoqda.

SES izohiga ko‘ra, ekspress test narxi 5 AQSh dollari ekvivalentida belgilangan, «bu dunyo ko‘rsatkichlariga nisbatan eng arzon narxlardandir».

Test topshirish jarayonida talabalik guvohnomasini taqdim etgan talabalarga 50 foiz chegirma berilgani ham eslatib o‘tilgan. | va || guruh nogironligi bor shaxslar uchun testlar bepul. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalardan esa test olinmaydi.

«Vaqtincha joriy etilgan bu tartib koronavirus infeksiyasini yuqtirgan fuqarolarni tezkor aniqlash, davolash va infeksiya tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati fuqarolardan «mazkur chora-tadbirlarni to‘g‘ri qabul qilib, o‘z fuqarolik burchini anglashi va mamlakat hududida koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini ko‘tarilmasligi uchun hissa qo‘shishlarini» so‘ragan.