Andijon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari shanba kuni Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi 12 tup daraxtni kesib tashladi. Bu haqda jurnalist Shuhrat Shokirjonov xabar berdi.

Unga ko‘ra, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov daraxtlarni kesish haqida buyruq bergan. Jurnalistning aytishicha, Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari kesilgan daraxtlarni davlat raqami bo‘lmagan avtomashinada olib ketgan.

Foto: Kun.uz.

Suratlarga qaraganda, daraxtlar kesilishi quyosh botgandan keyin amalga oshirilgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati rasmiy sharhida perinatal markazda «keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani» haqida ma’lum qildi.

«Qurilish loyihasiga ko‘ra, xozirgi kunda hududda 180 dan ortiq manzarali daraxt va ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Yana shuni ma’lum qilamizki, ushbu hududdagi daraxtlar joyida qolgan va hech kim ularni kesishga buyruq bermagan», — deyiladi xabarda. Keyinchalik matn tahrir qilindi, hokimlik «daraxtlar joyida qolgan» degan iborani olib tashladi.

Foto: Kun.uz.

Hokimlik vaziyat alohida nazoratga olinganini bildirdi. «Hududda konun buzilish holatlari aniqlangan takdirda aybdorlarga qonuniy jazo choralari ko‘riladi», — deya qayd etdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan.

«Mazkur qurilish obyekti Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, tashkilot rahbariyati tomonidan uning hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan. Lekin ushbu murojaat natijasini kutmasdan [tashkilot] qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan tunda ushbu mudhish huquqbuzarlik holati sodir etilgan.», — deyiladi xabarda.

Foto: Kun.uz.

Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy e’lon qilindi. Shunga qaramay, daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.