1hls.uz platformasi foydalanuvchilarini yanada ko‘proq rag‘batlantish maqsadida har hafta bitta 100 mln so‘m miqdorida pul mukofoti va mingta velosiped o‘ynaladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida jamoatchilik faollari, IT-mutaxassislari, jurnalist va blogerlardan iborat Jamoatchilik nazorati kengashi tashkil etiladi hamda barcha jarayonlar ustidan qat’iy nazorat olib boriladi.

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyevning yozishicha, g‘oliblar har hafta “Sport” telekanalida jonli efirda tasodifiy tanlab olish mexanizmi orqali aniqlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘oliblarni aniqlash shaffof va xolis bo‘lishi uchun Jamoatchilik nazorati kengashi tuzildi. Kengashga deputat Rasul Kusherbayev raislik qiladi, Xushnud Xudoyberdiyev va bloger Nikita Makarenko unga o‘rinbosar bo‘ladi.

“Yangi rag‘batlantirish tizimi ishga tushgani munosabati bilan 2022 yil 16 yanvardan boshlab kuniga 10 ming qadam yurganlarga 3 ming so‘m berish to‘xtatiladi. Lekin 15 yanvargacha 1hls.uz platformasida 10 ming qadam yurgan BARCHA fuqarolarga pullar to‘liq to‘lab beriladi”, — deya ma’lum qildi bloger.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 30 oktabr kuni “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratilishi belgilangandi.

Shuningdek, 2021 yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligiga 2022 yilda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini (1hls.uz) yanada ommalashtirish uchun qo‘shimcha 60 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha қўлланманиэълон qilgan.