14 yanvar kuni O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarning 30 yilligi nishonlandi. Ushbu sana munosabati bilan «Yuksalish» Umummilliy harakati armiya haqidagi asosiy raqamlar va faktlarni infografika ko‘rinishida e’lon qildi. «Gazeta.uz» ochiq ma’lumotlar asosida O‘zbekiston harbiy qudratini tahlil qilib chiqdi.

Qurolli Kuchlarga Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Milliy gvardiya, DXX, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning tegishli boshqaruv organlari, qo‘shinlari, harbiy tuzilmalari va muassasalari kiradi.

Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekistonning mudofaa siyosati quyidagi tamoyillar asoslanadi:

  • boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, harbiy agressiyani bostirish va bartaraf etish hollari bundan mustasno;
  • xavfsizlikning bo‘linmasligi, boshqa davlatlarning xavfsizligi hisobiga o‘z xavfsizligini mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi;
  • boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimoliy nizolarni tinch yo‘l bilan hal yetish;
  • harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, harbiy-siyosiy blokka aylantirilganda har qanday davlatlararo tashkilotdan chiqish huquqini saqlab qolish;
  • mudofaa yetarliligi;
  • harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar tabiatiga muvofiqligi;
  • yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarish, sotib olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish;
  • Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnoma tamoyillariga sodiqlik;
  • o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va inshootlarning joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • Qurolli Kuchlarning tinchlikparvarlik operatsiyalari va xorijdagi harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi;
  • ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga va xalqning madaniy va sivilizatsion o‘ziga xosligiga tayanish.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Global Firepower Index-2021 dunyo armiyalari reytingida 140 mamlakat orasida O‘zbekiston 54 o‘rinni egallagan. MDH davlatlari orasida Rossiya (2), Ukraina (22) va Belarusdan (52) keyin to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi, Markaziy Osiyoda esa — birinchi o‘rinda.

Global Firepower reytingida 50 faktor baholanadi, asosiylari qatorida: mudofaaga mablag‘ sarflanishi darajasi, texnika va uskunalar arsenali, armiya soni, tanklar, kemalar, samoyotlar va boshqa harbiy texnikalarning soni, neft mahsulotlari mavjudligi, armiya xavfsizligiga aloqador boshqa faktorlar. Reytingda davlat geografik xususiyatlari (dengizga kirish), ishlab chiqarish va ba’zi resurslarning iste’moli (neft) hisobga olinadi. Yadro qurollari esa hisobga olinmaydi.

Global Firepower ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda harbiy xizmatchilarning umumiy soni 65 ming nafarni (Jahon bankining 2018 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra — 68 ming nafar) tashkil etadi. Shundan faol askarlar — 55 ming nafar (dunyoda 45 o‘rinda), harbiylashtirilgan tuzilmalar — 10 ming nafarga teng (44 o‘rin). Solishtirish uchun: Qozog‘istonda — 77 ming, Afg‘onistonda — 325 ming, Tojikistonda — 16,5 ming harbiy xizmatchi mavjud. O‘zbekistonda fuqarolarni harbiy xizmatga safarbar qilish salohiyati 13,47 mln nafarga teng. Harbiy chaqiruv yoshidagilar — 616,8 ming va bu dunyoning 35 ko‘rsatkichi demakdir.


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

O‘zbekiston Havo kuchlarining harbiy havo texnikalari — 200 ta aviatexnikani tashkil etadi (45 o‘rin). Shundan 59 tasi — qiruvchi, 18 tasi — transport aviatsiyasi, 20 tasi — hujumkor samolyot, 7 tasi — o‘quv samolyotlardir. Havo kuchlari shuningdek, 96 ta vertolyot, shu jumladan, 33 tasi jangovar (19 o‘rin). Qozog‘istonda — 237 ta, Afg‘onistonda — 270 ta, Tojikistonda esa — 25 ta havo kemalari mavjud.

O‘zbekiston havo mudofaasi qo‘shinlari va havo kuchlari MiG-29 qiruvchilari, Su-25 hujumkor samolyotlari, Il-76, Airbus C-295W CASA harbiy transportlari, qolaversa, Airbus H-125, Airbus H-215, Mi-24 i Mi-35 havo kemalaridan iborat.


Foto: Prezident matbuot xizmati.

Quruqlik kuchlari 420 tank (34 o‘rin), 1215 ta zirhli transport (54 o‘rin), 137 ta o‘ziyurar artilleriya o‘rnatmalari (29 o‘rin), 60 dona og‘ir artelleriya (74 o‘rin) va 98 dona raketa tizimlarini (37 o‘rin) o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston harbiy texnikalarni mahalliy darajada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. 2017 yilning noyabrida mamlakat sanoatining import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh va eksportbop harbiy va ikki tomonlama mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlashtirish maqsadida Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tashkil etilgandi. 2021 yilning noyabrida mahalliy dizayndagi Qalqon yengil zirhlangan avtomobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

O‘zbekistonda zamonaviy o‘quv-moddiy texnika vositalari bilan jihozlangan 20 ta o‘quv poligoni mavjud bo‘lib, ularning 12 tasi xalqaro talablarga muvofiq qurilgan va turli yo‘nalishlarda harbiy musobaqalar o‘tkazish imkonini beradi. Qo‘shinlarni doimiy jangovar tayyorgarlikda ushlab turish maqsadida 2021 yilda 1100 dan ortiq jangovar vaziyatlarga yaqin kutilmagan tekshiruvlar o‘tkazildi, bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘pdir.

Mamlakat harbiy xizmatchilari Xalqaro armiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashishmoqda. ArMI-2021 o‘yinlarida 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronzani qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2 o‘rinni egallashdi. 2020 yilda O‘zbekiston ArMI o‘yinlarining 30 ta ishtirokchisi orasida 3 ta konkursda g‘olib chiqib, 11 ta musobaqada esa sovrinli o‘rinlarga erishib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallagan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

So‘nggi marotaba O‘zbekistonning harbiy xarajatlari to‘rt yil oldin ochiqlangandi. O‘shanda 2018 yil davlat budjetidan YAIMning 4 foizi miqdorida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgandi. Mamlakat YAIM 290,6 trln so‘mga yetishi taxmin qilingandi, shu tariqa mudofaa xarajatlari 11,62 trln so‘mni yoki 1,44 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lishi mumkin (bu haqda shuningdek Jahon banki ham ma’lum qilgandi).

Mudofaa xarajatlari davlat budjetining «boshqa tashkilotlar» bo‘limiga kiritilgan bo‘lib, unda boshqa tuzilmalar (DXX, PDXX va boshqalar) faoliyati xarajatlari ham hisobga olingan bo‘lishi mumkin. «Boshqa tashkilotlar» davlat budjetidan 2020 yilda — 23,3 trln so‘m, 2021 yilda — 26,2 trln so‘m olgan, 2022 yilda esa — 29 trln so‘m ajratilishi taxmin qilinmoqda.