Shanba kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev «hokim yordamchilari — prezidentning mahalladagi vakillari» deya ta’kidladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hokim yordamchilarining asosiy vazifasi — o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat.

«Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli bo‘lishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan „ko‘mib tashlamasligi“ lozim. Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak», — Shavkat Mirziyoyev.

Prezident aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyatni o‘rganib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash vazifasini qo‘ydi.

Bu ishlarni, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlash kerakligi, ulardagi yo‘llarni shag‘allashtirish, simyog‘ochlarni almashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu hududlarda ijtimoiy muhit, bog‘cha, maktab, shifoxona sharoitlarini yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish muhimligi qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda 6 mlnga yaqin doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqilgan.

Ayni paytda mutasaddilar yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan hisobot bermoqda.

Avvalroq, mazkur videoselektor yig‘ilishida prezident mahallalardagi hokim yordamchilari odamlarni tadbirkorlik va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozimligini ta’kidlagani haqida yozgandik. Ushbu maqsadlarga esa shu yilning o‘zida 10 trln so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trln so‘m subsidiya ajratilishi aytildi — har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 mlrd so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr boshida viloyatlarda moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan mahallada «hokim yordamchisi» lavozimiga o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng, adliya vaziri Ruslanbek Davletov hokim yordamchisi lavozimiga tayinlashda mutasaddilarning «hech kimni majburlashga haqqi yo‘q"ligi haqida gapirgandi.

2−3 yanvar kunlari esa Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani aytilgandi. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.

«Gazeta.uz» 10 yanvardan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab 9300 nafardan ortiq hokim yordamchilari mahallalarda o‘z faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.