Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqani va 2 kun o‘tar-o‘tmas — 7 yanvar kuni odatdagi tartibda ishlashga kirishgani haqida yozgan edik.

«O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» teleko‘rsatuvida buning sababi ma’lum qilindi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadovning so‘zlariga ko‘ra, prezident xattoki 48 soat ham dam olmagan.

«Qozog‘istondagi inqirozli kunlar boshlangandanoq prezidentimiz uchta davlat rahbari bilan telefon orqali bog‘landilar va Qozog‘istondagi vaziyat mintaqamizga bo‘lgan ta’siri bo‘yicha muhokamalar olib bordilar. Qo‘shimcha qilib, shuni aytishim mumkinki, xalqimizning tinchligi, farovonligi va xavfsizligi prezidentimiz uchun doim birinchi o‘rinda turgan va davlat rahbari doim xalq bilan birgalar. Prezidentimizning ta’tildan tez qaytishlarining sabablaridan biri bu — Qozog‘istondagi barqarorlik, tinchlik tarafdori ekanlarining ifodasidir», — dedi Sherzod Asadov.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 6 yanvar kuni Qozog‘iston, Tojikiston va Turkiya prezidentlari bilan Qozog‘istondagi tartibsizliklarni muhokama qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, prezident o‘tgan yili ham aynan yanvar oyida — 4−11 yanvar kunlari (7 kun) qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqandi.

«Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, bu prezidentning ushbu lavozimga saylangan 2016 yildan buyon ikkinchi mehnat ta’tili.

2019 yil avgust oyida Shavkat Mirziyoyev 14 yillik bosh vazir va 3 yil (o‘sha vaqtda) prezidentlik lavozimidagi faoliyatida birinchi marotaba ta’tilga chiqqani haqida xabar berilgan edi.