Fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Ohangaronsement» sement zavodining asosiy aksiyadorlari o‘zlarining ulushlarini sotishini e’lon qildi.

13 yanvar kuni Kiprning Lamanka Enterprises Limited kompaniyasi 4,14 mln dona (zavodning umumiy aksiyalarining 84,3 foizi) sotilishini e’lon qildi, ularning qiymati 1,61 trln so‘m — har bir aksiya 390 ming so‘mdan. 2021 yilning may oyi oxirida ofshor kompaniya aksiyalar paketini 557,68 mlrd so‘mga sotib olgan edi.

Britaniyaning Virjiniya orollaridagi Giacinttar Limited kompaniyasi 271 mlrd so‘mga 694,9 ming dona (14,1 foiz) aksiyalarini sotishni rejalashtirmoqda.

Ikki kompaniyaning sotuvga qo‘yilgan umumiy aksiya paketi (98,36%) 1,88 trln so‘mga baholanmoqda.

10 yanvar kuni «KorpInfo» Telegram-kanalida Akkermann Cement CA «Ohangaronsement»ga a’zo bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi, chunki kompaniyani ham, zavodni ham bir kishi boshqaradi. Ushbu kompaniya yagona ta’sischi — Akkerman Cement tomonidan tashkil etilgan. Mazkur ta’sischi kompaniya esa Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings aktivlari ro‘yxatida mavjud.

2021 yil 28 dekabr kuni Qozog‘iston fuqarosi Yuriy Aleksandrovich Usolsev Ohangaronsement" bosh direktori bo‘ldi (bundan oldin direktor Gennadiy Kulikov edi). 8 yanvar kuni Akkermann Cement CA zavodning affillangan shaxslari ro‘yxatiga kiritildi.

«Ohangaronsement» haqida

«Ohangaronsement» zavodi XX asr o‘rtalarida tashkil etilgan. 1970 yilda zavod, 1980 yilda ishlab chiqarish birlashmasiga aylandi. 1994 yilda zavod xususiylashtirilib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi Zeromax bo‘lgan, 2006 yilda esa Rossiyaning «Yevrotsement» kompaniyasi uning 75,5% ulushini sotib olgan. Keyinchalik bu ulush 83,9 foizgacha oshirilgan.

Spot nashrining yozishicha, 2014 yilda korxonada muammolar yuzaga kelgan — hozir tugatilgan Davlat raqobat qo‘mitasi 1994 yildagi xususiylashtirishni noqonuniy deb topishni talab qilgan. Toshkent viloyati xo‘jalik sudi zavodning mol-mulki va bankdagi hisob raqamlarini musodara qilgan. Bundan tashqari, kompaniya qo‘shimcha soliq to‘lashi kerak edi. Bir necha sud muhokamalari va apellyatsiyalardan so‘ng tomonlar o‘zaro muammolarni hal qilishga muvaffaq bo‘lgan.

2020 yilda Rossiyaning eng yirik sement ishlab chiqaruvchisi «Yevrotsement» qarzlari uchun Sberbank nazoratiga o‘tdi va sotuvga qo‘yildi.

«Ohangaronsement» 2020 yilda O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lgan va bozorda hukmronlik qiluvchi kompaniyalar qatoriga kiradi. 2021 yilning to‘qqiz oyida kombinatning sof foydasi 188,8 mlrd so‘mni, 2020 yilning to‘qqiz oyida 187,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Yanvar oyi boshida Kipr United Cement Group «Qizilqumsement» davlat aksiyalarini 1,89 trln so‘mga (175 mln dollarga yaqin) sotib oldi, bu ham bozorda hukmronlik qiluvchilardan hisoblanadi. Ushbu ofshor kompaniya «Quvasoysement» va «Bekobodsement»ga ham egalik qiladi.