Pandemiya tufayli to‘xtab qolgan O‘zbekistondan Tojikistonga avtobus qatnovlari qayta tiklanishi mumkin. 12 yanvar kuni O‘zbekiston Transport vazirligida Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-tojik qo‘shma komissiyasining yig‘ilishida bu haqda so‘z borgan.

Unda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov hamda Tojikiston transport vaziri o‘rinbosari Sh. Saidmurodzoda ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

«Yig‘ilishda tomonlar koronavirus pandemiyasi sabab hozirda to‘xtab qolgan avtobus qatnovlarini qayta tiklash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashdi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, tomonlar «O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy» transport koridorini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

O‘zbekiston transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning so‘zlariga ko‘ra, «ayni vaqt faqat Toshkent-Xo‘jand o‘rtasida avtobus qatnovlari amalga oshirilmoqda».

Shuningdek, tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik holati haqidagi axborot bilan bo‘lishib, bu sohada imzolangan kelishuvlarning amalga oshirilishi qanday borayotganini muhokama qilgan.

Surxondaryo va Samarqanddan Tojikistonga avtobus qatnovi 2018 yilda yo‘lga qo‘yigan edi.