O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berildi.

Qolaversa, universitetni transformatsiya qilish va unda kompleks rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Uni 2026 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish ishlari olib boriladi.

Bundan tashqari, SamDUda Transformatsiya офисини tashkil etiladi, uning rahbari esa universitet prorektoriga tenglashtiriladi. Universitet faoliyati raqamlashtirilib, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etiladi.

Universitet tarkibida ikki institut va bitta filial tashkil etiladi. Ular:

  • agronomiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti;
  • muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Muhandislik fizikasi instituti;
  • pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi Universitetning Urgut filiali.

Ushbu o‘quv dargohlarining faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

Universitetning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini Agrobiotexnologiyalar institutida davom ettiradi.

Universitetning fizika va matematika fakultetlari tarkibidagi amaliy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini Muhandislik institutida davom ettiradi.

Filial Urgut tumanidagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2019 yilning 8 oktabridagi [PF-5847-son] qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda kamida 10 ta OTMni xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi OTMlar ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilgan. Ular qatorida O‘zbekiston milliy hamda Samarqand davlat universitetlarini 500 talik reytinga kiritish reja qilingan edi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili sentabr oyida O‘zbekistondagi 10 ta OTM Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting agentligi Times Higher Education tomonidan e’tirof etilgandi.