Ulug‘bek Muhammadiyev prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Nigoh Telegram kanali xabar berdi.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.

U 2020 yilning 30 iyul kuni DXA direktorligiga tayinlangan edi. Unga qadar esa yuqoridagi lavozimda faoliyat yuritgan.

Ma’lumot uchun, Ulug‘bek Muhammadiyev 1977 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, O‘zbekiston Milliy universiteti (tadbiqiy matematika va huquqshunoslik yo‘nalishlari), O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (xalqaro munosabatlar yo‘nalishi)ni tamomlagan, mutaxassisligi matematik, huquqshunos.

Qayd etilishicha, U. Muhammadiyev меҳнат faoliyatini 1999 yili O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv bo‘limi inspektori vazifasidan boshlagan. 2001−2008 yillarda O‘zbekiston prezidenti devoni, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi kotibiyatida mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. 2008−2017 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi sifatida faoliyat yuritgan.

2017−2018 yillar mobaynida O‘zbekiston prezidenti devoni Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati yetakchi inspektori, sho‘’ba mudiri, O‘zbekiston prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyun kuni prezident farmoni bilan Davlat xizmatlari agentligining sobiq direktori Xalilillo Turaxujayev Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimiga tayinlangandi.