O‘zbekiston aeroportlarida koronavirusga majburiy test topshirish joriy etilmoqda

Maxsus komissiya qarori bilan 15 yanvardan O‘zbekiston aeroportlarida koronavirusga qarshi majburiy test topshirish joriy etilmoqda. Test topshirish narxi so‘m ekvivalentida 5 AQSh dollari miqdorida bo‘ladi. Talabalarga 50 foiz chegirma beriladi.

Vaksina olganlar o‘rtasida lotereya o‘tkaziladi, bosh sovrin — avtomobil

Koronavirusga qarshi emlangan fuqarolar o‘rtasida bosh sovrini avtomobil bo‘lgan yutuqli o‘yin tashkil etiladi. Qolaversa, SSV ish beruvchilardan 20 yanvarga qadar xodimlari koronavirusga qarshi emlanishini ta’minlashni so‘radi.

2021 yilda onlayn auksion orqali qariyb 300 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz vebsaytida 2021 yil davomida 298,8 mlrd so‘mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning 48 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xarid qilingan.

Sog‘liqni saqlash vaziri yarim tunda «tez yordam» holatini o‘rgandi

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bugun 03:00 larda Toshkent shahar tez yordam stansiyasiga borib, «tez yordam» holatini tekshirdi. Uning topshirig‘i bilan qo‘shimcha 40 ta tez tibbiy yordam mashinasi xizmatga biriktiriladigan bo‘ldi. Vazir shuningdek, Toshkentning 12 ta tumanida kasallik klinik belgilarsiz va yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish uchun COVID-poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdi.

Xonadonlarda baliq yetishtiruvchilarga 81 mln so‘mgacha kredit ajratiladi

Baliq yetishtirish bo‘yicha Jizzax tajribasi har bir viloyatda joriy etiladi. 1 fevraldan xonadonida baliq yetishtiruvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi, ularga ajratiladigan kredit BHMning 300 baravari — 81 mln so‘mgacha oshiriladi. Qolaversa, ularning yer hamda mol-mulk solig‘i 50 foizga qisqartiriladi. Shu asosda 2022 yilda butun respublika bo‘yicha 700 ming tonna baliq yetishtirish maqsad qilingan.

16 fevral voqealarida qatnashganlikda gumon qilingan yana bir shaxs qo‘lga olindi

«Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkilotiga a’zolikda hamda 1999 yilning 16 fevralida Toshkentda bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi. U 23 yil davomida qidiruvda bo‘lgan.

Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomi berildi

Prezident qarori bilan Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomi berildi. SamDUni flagman universitet darajasiga olib chiqish maqsadida transformatsiya dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, universitet tarkibida ikki institut va bitta filial tashkil etiladi.

Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan yangi IES foydalanishga topshirildi

Toshkent viloyatida Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan qurilgan 240 MVt quvvatli yangi issiqlik elektr stansiyasi elektr energiyasini yetkazib berishni boshladi.

COVID-19: Ketma-ket oltinchi kun koronavirusga chalinganlar soni ko‘paymoqda

Koronavirus bo‘yicha kunlik holatlar ketma-ket oltinchi kun o‘sishda davom etayapti — payshanba kuni yana 824 kishida virus aniqlandi. Birgina poytaxtning o‘zida 434 ta holat qayd etildi. 3 kishi esa COVID-19 oqibatida vafot etdi.

O‘zbekiston aholisi 2021 yilda 712,4 ming nafarga oshdi

2021 yilda O‘zbekistonda aholi soni 712,4 ming kishiga ko‘payib, jami 35 mln nafardan ortiqni tashkil etdi. Aholining 49,7 foizi ayollar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Hududlar kesimida eng ko‘p aholi Samarqand viloyatida (4 mlndan ortiq) yashashi qayd etildi.

«Kapitalbank» bankomatlari ishi vaqtincha to‘xtatiladi

«Kapitalbank» bankomatlari faoliyati xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatiladi. Bankomatlar bosqichma-bosqich mart oyining o‘rtalariga qadar o‘chiriladi. 2021 yil 1 dekabr holatiga mamlakatdagi barcha bankomat va infokiosklarning 25 foizi «Kapitalbank»ga tegishli.

Harbiy texnikalar ko‘rgazmasidagi mashinalardan biri yonib ketdi

Poytaxtdagi Xalqlar do‘stligi maydonida bo‘lib o‘tayotgan harbiy texnikalar ko‘rgazmasida harbiy mashinalardan biri yonib ketdi. Jabrlanganlar yo‘q.

Dam olish kunlari shamol va yomg‘ir kuchayishi kutilmoqda

15, 16 va 18 yanvar kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida shamol kuchayishi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, ayrim hududlarda esa kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

«Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi» — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarog‘ hamda harbiy texnika bilan ta’minlash, havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish, serjant-yo‘riqchilarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. «Yangi usullar paydo bo‘layotgan hozirgi sharoitda muvaffaqiyat, ko‘p jihatdan, komandir-serjant boshqaradigan kichik bo‘linmalar harakatiga bog‘liq», — dedi u.