Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasida maktab va bolalar bog‘chasi qurish uchun mo‘ljallangan yer uchastkasi noqonuniy ravishda tadbirkorga o‘tkazib berildi. Sud qaroriga qaramay, u yerda qurilish ishlari boshlangan.

Qonunbuzarlik to‘g‘risida ariza Senatga yuborildi. 11 yanvar kuni senatorlar Odiljon Iminov (Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi) va Malika Qodirxonova (Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi rahbari) vaziyatni o‘rganish maqsadida qurilish obyektiga tashrif buyurishdi, deb xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Qurilish maydoniga hokimlikning mas’ul xodimlari, mahalla va ichki ishlar organlari vakillari ham taklif etildi. O‘rganish natijasida qurilishning noqonuniy ekanligi tasdiqlandi va ishlar to‘xtatildi.

Aholiga ushbu maydonchada, avval rejalashtirilganidek, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, deya va’da berildi.