Olmaotada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti tinchlikparvar kuchlarini olib chiqish boshlandi, deb xabar berdi Tengrinews.kz.

Quruqlikdagi qo‘shinlar Harbiy instituti parad maydonida o‘tkazilayotgan tinchlikparvar kontingentni ko‘rish marosimida KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas, Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari Muhamedjan Talasov va Olmaota shahri meri Baxitjan Sagintayev ishtirok etdi.

«Siz strategik va boshqa muhim obyektlar xavfsizligini ta’minladingiz. Sizning kelishingiz tufayli qozog‘istonlik harbiy xizmatchilar, ichki ishlar xodimlari bandit unsurlarni qidirish va qo‘lga olish bo‘yicha o‘zlarining bevosita vazifalarini bajarishga kirishdilar», — dedi Muhammadjon Talasov tinchlikparvarlarga murojaat qilib.

Mamlakatga kelgan kontingent harbiy xizmatchilari Qozog‘iston mudofaa vaziri nomidan minnatdorchilik bildirdi. Mudofaa vaziri buyrug‘i bilan bir qator tinchlikparvarlar «Xalqaro hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun» medallari bilan taqdirlandi.

KXSHT tinchlikparvar kontingentining Qozog‘istondan bosqichma-bosqich olib chiqilishi Qozog‘iston prezidenti belgilagan muddatga muvofiq, 13 yanvardan boshlab amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kontingentning umumiy soni 2030 nafar askarni tashkil etadi, KXSHT kuchlari Olmaota va Nur-Sulton shaharlariga joylashtirilgan.