12 yanvar kuni Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) elektr energetakasi kompaniyasi O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasini ogohlantirishsiz 60 foizga qisqartirganini ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, uzilishlar O‘zbekistonning Tallimarjon IESdagi texnik muammolar bilan bog‘liq bo‘lgan. Natijada Afg‘onistonning bir qator provinsiyalarida kechki vaqtlarda elektr energiyasida uzilishlar qayd etilgan.

13 yanvar kuni ertalab DABS O‘zbekiston elektr energiyasini zarur hajmda yetkazib berishni qayta tiklaganini xabar qildi.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston Energetika vazirligidan mazkur holat yuzasidan izoh ololmadi.

Yanvar boshida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va DABS Toshkentda 2022 yilda Afg‘onistonga 2 mlrd kVt⋅s elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘zda tutgan bitimni imzolagan edi. Kelishuvning umumiy qiymati 100 mln dollarni tashkil etdi.

oktabr oyida Afg‘oniston energetika kompaniyasining O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Eronga elektr energiyasi uchun 51 mln dollardan ortiq qarzi borligi xabar qilingan edi. Biroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston muvaqqat hukumati elektr energiyasi bo‘yicha qarzini to‘liq qoplash majburiyatini olgan va O‘zbekiston «bir soat ham» Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmagan.