Mudofaani boshqarish milliy markazi ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mudofaani boshqarish milliy markazi ochilishida ishtirok etdi. Mazkur markaz mamlakatdagi barcha kuch tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirishga ixtisoslashgan.

Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoning so‘zlariga munosabat bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Aleksandr Lukashenkoning Qozog‘istondagi voqealar ortidan O‘zbekiston saboq olishi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. U mazkur bayonotni «asossiz» deb atadi. «Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi

O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi. Hozirda mamlakatda 72 mingdan ortiq ko‘zi ojiz insonlar istiqomat qiladi.

Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha reyting joriy qilinadi

1 fevraldan boshlab 26 ta davlat tashkilot va organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy qilinadi. Ro‘yxatdan 11 ta vazirlik, 4 ta davlat qo‘mitasi, 7 ta agentlik va 4 ta hokimiyat o‘rin olgan va ularning faoliyati 5 ta indikator asosida baholanadi. 1 iyuldan esa reyting barcha davlat tashkilotlarida joriy qilinadi.

«Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi» — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘istondagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. «Biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi», — dedi u. Prezident qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib borayotgani hamda odamlar osoyishta hayotga qaytayotganini ta’kidladi.

AQShga uchmoqchi bo‘lganlar 15 kun oldin to‘liq emlanganlik guvohnomasiga ega bo‘lishlari kerak

AQShga kirish uchun yangi qoidalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar parvozdan kamida 24 soat oldin PZR-test hamda kamida 15 kun oldin COVID-19ga qarshi to‘liq emlanganliklarini tasdiqlaydigan guvohnomaga ega bo‘lishlari kerak. Boshqa talablar ham bor.

Kunlik koronavirus holatlari soni 700 tadan oshdi

12 yanvar kuni O‘zbekistonda yana 714 kishi koronavirusga chalindi. Bu oldingi kundan 110 nafarga ko‘p. Kasallanish ketma-ket 5-kun yana ortmoqda. Shuningdek, 3 kishi virusdan vafot etdi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 6,2 foizga o‘sdi — Jahon banki

Jahon banki 2021 yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishini 6,2 foizga baholadi. 2022 va 2023 yillarda iqtisodiy o‘sish mos ravishda 5,6 foiz va 5,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Markaziy Osiyodagi vaziyatni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot davomida O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlaridan tashqari, Qozog‘istonda ro‘y bergan voqealar nuqtai nazaridan Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.

O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga cheklovlar joriy etadi

O‘zbekiston «omikron» tarqalayotgani munosabati bilan 15 yanvardan Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga vaqtinchalik cheklov joriy etmoqda. Cheklovlar avialoqalarga hamda vatanga qaytayotgan fuqarolarga taalluqli emas.

Nazarbekdagi noqonuniy qurilish senatorlar aralashuvidan so‘ng to‘xtatildi

Nazarbekda maktab va bolalar bog‘chasini qurishga mo‘ljallangan yer uchastkasi noqonuniy ravishda tadbirkorga berib yuborilgan. Senatorlar aralashuvidan so‘ng u boshlagan qurilish ishlari to‘xtatildi.

Hududlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish kerak — prezident

Shavkat Mirziyoyev hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun esa xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilinishi ta’kidlandi.

Afg‘onistonga elektr yetkazib berish IESdagi muammolar tufayli vaqtincha qisqardi

Tallimarjon IESdagi nosozliklar tufayli Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi. 13 yanvar kuni ertalabga kelib elektr ta’minoti tiklandi, deya xabar qildi Afg‘oniston energetika kompaniyasi.

Toshkent viloyatida fuqaroni poyezd urib ketdi

O‘rtachirchiq tumanida «To‘ytepa-Ozodlik» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi urib ketishi oqibatida 26 yoshli fuqaro vafot etdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u quloqchin taqib, mol boqayotgan bo‘lgan.

Chimyon hududida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi

13−14 yanvar kunlari Chimyon hududida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi. FVV shu kunlarda fuqarolardan «Qor ko‘chishi xavfi mavjud» belgisi bo‘lgan joylarga kirmaslikni so‘radi.

Senat hokimlarning kengash raisi maqomi nima sababdan bekor qilinmaganiga izoh berdi

Senat «Gazeta.uz» ning hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid hujjat 2,5 yil oldin tayyorlangani, biroq qabul qilinmagani haqidagi maqolasi yuzasidan munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, «quyi palatada muhokama qilinmagan qonun loyihasi Senatda ham ko‘rib chiqilmagan». «Mahalliy kengashlar mustaqil organ. Senat faqatgina ularning faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi, uslubiy yordam ko‘rsatadi», — deyiladi bayonotda.

«Aroq ichibman, keyin „o‘chib“ qolibman». Yunusobodda qurol yordamida to‘xtatilgan Malibu haydovchisi

Yunusobodda YPX inspektori talabini bajarmagach, o‘qotar qurol bilan to‘xtatilgan Malibu haydovchisi o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilganini aytdi. «Ayb menda, bo‘ynimga olaman. Aroq, pivo ichibman, keyin „o‘chib“ qolibman», — dedi u. Qolaversa, bu uning transportdan foydalanish qoidasini birinchi marta buzishi emasligi ma’lum qilindi.

2022 yilda eksport hajmini 14 mlrd dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan

2021 yilda O‘zbekistonda 10 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 12 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. 2022 yilda eksport hajmini 14 mlrd dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.

«Samarqand darvoza»da portlatilgan «o‘t o‘chirgich» bo‘yicha 13 kishiga ayblov qo‘yildi

«Samarqand darvoza»da «o‘t o‘chirgich» portlatilishi bo‘yicha tergov doirasida 13 kishiga ayblov e’lon qilindi. 5 nafari 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shuningdek, tergovda mazkur vositani yasashni yoshlarga yangiyo‘llik traktorchi o‘rgatgani aniqlangan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan fotoreportajlar:

Foto: Toshkentda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan parad o‘tkazildi

Toshkentda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali harbiy yurish bo‘lib o‘tdi. Harbiy xizmatchilardan iborat bo‘linmalar «Turkiston» san’at saroyidan — harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tayotgan Xalqlar do‘stligi maydoniga qadar harakatlandi.