3 yanvar kuni Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida «To‘ytepa-Ozodlik» yo‘nalishida kelayotgan yuk poyezdi fuqaroni urib ketdi.

Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xabar berishicha, «Boyovul» MFYda yashagan fuqaro N.A temiryo‘l izi atrofida quloqchin taqib, chorva mollarini boqayotgan bo‘lgan. Baxtsiz hodisa oqibatida u voqea joyida vafot etgan.

«Milliy» telekanalining informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, fuqaro 26 yoshda bo‘lgan. Voqeaga temir yo‘lning boshqa tomonida mol boqib yurgan marhumning qarindoshi guvoh bo‘lgan.

«Temir yo‘lning o‘ng tarafida mol boqib yurgan edim. Amakimni o‘g‘li — Nodir akam chap tarafda mol boqib yurgandi. Poyezd 200 metrlar qolganida tut daraxtlari orqasida turgandim, u signaldan keyin ko‘rindi. Kichkina ariq bor edi, ariqdan 5 metr o‘tganimda, poyezd yaxshigina tezlik bilan kelayotgandi — urib narigi chekkaga chiqarib tashladi», — deydi voqea guvohi.

«Boyovul» mahallasi raisi Ëdgor Saidboyevning ta’kidlashicha, u va ichki ishlar xodimlari halokat joyiga yetib borganida marhumning qo‘log‘ida quloqchin bo‘lgan. «Voqea joyiga borganimizda u foydalangan telefoni musiqasi eshitiladigan darajada (baland) turgani guvohi bo‘ldik», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida bo‘ kabi baxtsiz xodisa avval ham sodir bo‘lgan. 2020 yilda ikki nafar ayol quloqchinlarni taqib yurgan vaqtida poyezd urib ketgandi. Ulardan biri voqea joyida vafot etgandi.