Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida Yangi yilni nishonlash uchun «o‘t o‘chirish» moslamasi portlatilgani bo‘yicha 13 kishiga ayblov e’lon qilinganini ma’lum qildi.

1 yanvar kuni tungi soat 00.45 larda poytaxtdagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida bir qancha fuqaro avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqda qo‘lbola usulda yasalgan «o‘t o‘chirish» moslamasini portlatgan va bu holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Shundan so‘ng holat yuzasidan moslamani tayyorlagan hamda uni yoqqan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytilgandi.

Tergovga jalb etilganlarning ma’lum qilishicha, Yangiyo‘l tumanining ayrim mahallarida yangi yil arafasida qo‘lbola usulda pirotexnika vositalarini tayyorlash va sotish avj oladi. Avvalgi yillarda ham bunday portlashlar videosi internetda tarqalgan va buni ko‘rgan poytaxtda yashovchi yigit ana shunday vositani buyurtma qilgan.

«Yangiyo‘llik bolalar „Ognetushitel“ yasagani haqida men video ko‘rgan edim. Buni menga og‘aynim aytgan. Men uni tekin deb o‘ylagan edim. Lekin, u pulli ekan. Shundan so‘ng, majbur bo‘ldim pul berishga. Aslida 500 ming so‘m berishimiz kerak edi, lekin, 470 ming so‘m berganmiz», — degan buyurtmachi.

Ma’lum bo‘lishicha, uni tayyorlash uchun yengil kimyoviy moddalar va avtomobillarning ehtiyot qismlaridan foydalanilgan. Bu usulni bir necha yildan beri qo‘llab kelgan traktor haydovchisi yoshlarga uni qanday tayyorlashni o‘rgatgan.

«Aka, 80 ming so‘m beraman, deya pul taklif qildi. Qo‘yaver, olib ketaver, desam ham, pul tashlab ketgan ekan», — deya ta’kidlagan traktor haydovchisi.

So‘ng uni o‘rgangan boladan qo‘shnisi, shuningdek, kursdoshi undan yasab berishini so‘ragan va evaziga 470 ming so‘m pul olgan.

«Ognetushitel» Samarqand darvoza savdo majmuasi yaqiniga olib borilgan va trotuarga qo‘yilgan. Uni yoqqan bola vositaning 15 sekunddan so‘ng yonganini aytgan. U mazkur voqeaning qolgan tafsilotlarini, xususan 2 bola jarohatlanganini uyga ketgandan so‘ng, telefoniga kelgan videolardan bilganini aytgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kunda shahar shifoxonasiga 3 kishi yordam so‘rab, murojaat qilgan. Shifokor esa bayram arafasida bunday holatlar ko‘p uchrashini ta’kidlagan. Shuningdek, portlashdan jarohat olgan bemorlarning barchasi maktab o‘quvchilari ekani aytilgan. Ularning 2 nafari uyda davolanayotgan bo‘lsa, yana biri haligacha shifoxonada davolanyapti.

Tergov davomida hodisaga aloqador bo‘lgan 13 kishiga ayblov e’lon qilingan. Ularga nisbatan JPKning 221-moddasi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ularning 5 nafari qamoqqa olingan, yana 5 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan, deyiladi xabarda.

Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB katta tergovchisining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 250-moddasi 2-qismi «b» bandi (gortlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga ko‘ra, aybdor shaxslar 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.