Shu yilning 13 yanvar soat 08:00 dan 14 yanvar soat 08:00 gacha Chimyon hudida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

«Hurmatli fuqarolar! Ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishingizni va „DIQQAT! QOR KO‘CHISHI XAVFI MAVJUD“ belgisi bilan cheklangan joylarga kirmaslikni so‘raymiz», — deyilgan xabarda.

«O‘zgidromet»ning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha ertaga kunduzgi vaqtlarda havo harorati 14−17 darajagacha, janubda esa 19 darajagacha ko‘tariladi. Tog‘li hududlarda ham harorat 5−10 darajagacha ko‘tariladi.

Qayd etilishicha, hozirda kuzatilayotgan iliq ob-havo qish qiymatlari uchun o‘rtacha 4−6 daraja yuqori hisoblanadi.

15−18 yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘yicha o‘zgaruvchan ob-havo bo‘lishi kutilmoqda — respublika hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 16−17 yanvar kunlari ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 15−18 yanvar kunlari tog‘li hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi (ayrim joylarda kuchli bo‘lishi) kutilmoqda. 15−16 yanvar kunlari esa respublika bo‘yicha joylarda shamol tezligi kuchayishi kuzatilishi mumkin.