Hukumatning 11 yanvardagi [17-son] qarori bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

Nizomga muvofiq, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichidan o‘qishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibi belgilangan. O‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra, o‘zlashtirish baholari “5 (a'lo)” va “4 (yaxshi)”, biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (a'lo)” bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.

Mazkur tartib 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi.

Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan hamda texnikumni bitirganiga ikki yildan oshganlar o‘qishga kirish istagini bildirganda ularni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Bitiruvchilar har yili 5 iyuldan 25 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Bunda bitiruvchilardan:

  • pasport yoki ID-karta nusxasi;
  • texnikumni bitirganlik to‘g‘risidagi hujjat;
  • va unga ilovaning nusxasini yuklashi talab etiladi.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan har yili 5 avgustga qadar o‘rganib chiqiladi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha abituriyentlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi. Cuhbat jarayoni esa har yili 10 avgustdan 25 avgustgacha, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda o‘tkaziladi.

“Ushbu Nizom — oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi”, — deyilgan xabarda.

Ma’lumot uchun, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha OTMlar huzuridagi texnikumlar soni 214 tani tashkil etadi. Ularning quvvati 177,4 mingga teng.

Respublika bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining jami soni esa 152 ta. Shulardan universitetlar soni 30 ta, institutlar 45 ta, akademiyalar 3 ta, filiallar 28 ta, konservatoriya 1 ta, Chet el OTM filiallari 27 ta, Nodavlat oliy ta’lim muassasalari 18 tani tashkil etadi.