O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 10 yanvardagi qarori bilan (VMQ-14) Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (VMQ-911) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, nizomning 33-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshilar qo‘shildi:

«Bayonnomada investitsiya loyihalari ushbu hududda amalga oshirilishiga rozilik bergan yoki qarshi bo‘lgan mulkdorlar ko‘rsatilishi shart».

«Ochiq muhokama davomida investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan yer uchastkasida investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga bitta mulkdor qarshi bo‘lgan taqdirda ham mazkur hududda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

Bundan tashqari, hukumat nizomning 47-bandiga investorni ko‘chmas mulk obyektlarini majburiy sotish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilish huquqidan mahrum этишни ko‘zda tutgan o‘zgartishlarni kiritdi. Endilikda mazkur band quyidagicha:

«Olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining 75 foizidan yozma rozilik olinganda (Kelishuv tuzilganda), biroq qolgan mulkdorlarning roziligini olish imkoni bo‘lmaganda (Kelishuvga erishilmaganda) tashabbuskor ularning ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha beriladigan kompensatsiya miqdori, turlari va muddatini belgilash to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli».

Avvalroq O‘zbekiston Adliya vazirligi tartibga solish, jumladan, investorlarning ko‘chmas mulk egalarining kamida 75 foizi roziligi bilan majburiy qaytarib olish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilish huquqiga oid savollarga batafsil javob bergan edi.

Hozirgi vaqtda investor va mulkdorlar o‘rtasida shartnoma tuzish bosqichidan oldin loyihani barcha mulkdorlar bilan avvaldan muhokama qilish bosqichi o‘tkaziladi. Kengash barcha mulkdorlarning dastlabki roziligini olgandan keyingina yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, shundan so‘ng kompensatsiya to‘lash masalasini kelishish va shartnoma tuzish jarayoni boshlanadi.

Investor tovon to‘lash masalasini mutlaq barcha mulkdorlar bilan muhokama qilishi kerak, ya’ni nizolar kelib chiqmasligi kerak. Agar investor kamida 75% mulkdorlarning roziligini olgan bo‘lsa, lekin ularning 25 yoki undan kamroq foizi bilan kelisha olmasa, u sudga murojaat qilishi mumkin.

Adliya vazirligi mazkur normaning kiritilishini mulkdorlarning ushbu qismi dastlab bozor qiymatida kompensatsiya berish sharti bilan yer uchastkasini olib qo‘yishga oldindan rozilik bergani va shu asosda kengash tomonidan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilingani bilan izohladi.