2022-yilda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 10 ta bitim imzolanadi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa umumiy quvvati 1700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlari imzolanishi rejalashtirilgan.

2023-yilda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1097 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro (G‘ijduvon va Peshku) va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1600 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyalari energiya ishlab chiqarishni boshlashi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, o‘tgan 3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 10 ta bitim imzolandi. 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

Shu bilan birga, 2022-yil I choragida Samarqand viloyati Nurobod tumanida ikkinchi 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Buxoro viloyatida yangi 270 MVt quvvatga ega gaz porshenli IESning birinchi energiya bloki ishga tushirilgan edi.