«Navoiy kon-metallurgiya kombinati»ning (NKMK) 2021 yildagi sof foydasi 11,3 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 12,7 foizga ko‘proq hisoblanadi. Avvalgi yilda kombinat sof foydasi 10,1 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Kompaniyaning 2021 yildagi ishlab chiqarish hajmi 54,25 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 10,3 foizga o‘sdi. Xususan, mahalliylashtirish dasturlari doirasida 442 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

NKMK investitsiya dasturi doirasida 621 mln dollar o‘zlashtirildi, bu o‘tgan yilga nisbatan bir oz kamroqdir. Biroq 2021 yilda ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratildi — 3423 ta. 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 3286 tani tashkil qilgan.

2022 yil 1 yanvardan boshlab zavod uchta korxonaga bo‘lingan — «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ (qimmatbaho metallarni qazib olish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi), «Navoiyuran» davlat korxonasi (tabiiy uran va nodir yer metallarini qazib olish va qayta ishlash) hamda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi».

2021 yil sentabr oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hukumat NKMKni xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda kompaniya aksiyalarining 10−15 foizigachasi sotilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin zavod o‘zining investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun Rossiya VTB bankidan 1 mlrd dollar kredit jalb qilgani haqida xabar berilgandi.