2021-yilda tijorat banklari tomonidan 59 570 nafar fuqaroga qariyb 9,8 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 700 mlrd so‘mga ko‘proq hisoblanadi. Bu Markaziy bankning 2021 yilda ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha ma’lumotida aks ettirilgan.

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 5 yilda tijorat banklari tomonidan jami 35,6 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Yillar hisobida esa ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • 2020 yilda — 9,1 trln so‘m;
  • 2019 yilda — 7,9 trln so‘m;
  • 2018 yilda — 4,8 trln so‘m;
  • 2017 yilda — 4 trln so‘m.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 35,8 trln so‘mga yetgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p kredit Toshkent shahri (2,67 trln so‘m), Samarqand (883,6 mlrd. so‘m), Andijon (780,8 mlrd. so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Eng kam ipoteka kreditlari esa Jizzax (252,6 mlrd so‘m) va Sirdaryo viloyatida (259,7 mlrd so‘m) ajratilgan.

Ajratilgan kreditlarning 7,35 trln so‘mi yoki 78 foizi birlamchi bozordagi uylarga, 2,44 trln so‘mi yoki 22 foizi ikkilamchi bozordagi uylar uchun yo‘naltirilgan. Ushbu kreditlarning 42 foizi xotin-qizlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

2021 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining moliyalashtirish manbalari orasida asosiy ulush Moliya vazirligi mablag‘lari (6,97 trln so‘m) hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari (1,96 trln so‘m) hamda banklarning o‘z mablag‘lari (867,1 mlrd so‘m) ham moliyalashtirish manbalari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning avgust oyida Markaziy bank ushbu yilning birinchi yarmida ipoteka bozoridagi vaziyat yuzasidan izoh bergan edi. Unga ko‘ra, oxirgi yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha qoldiqlar 25,2 foizga — 30,8 trln so‘mga qadar oshdi, muammoli ipoteka kreditlari qoldiqlari ham 4 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 480 mlrd so‘mga yetgandi.