Bir hafta ichida dunyoda rekord darajadagi COVID-19'ga chalinish holatlari aniqlandi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 3 yanvardan 9 yanvargacha bo‘lgan muddat davomida dunyoda 15,154 mlndan ortiq yangi koronavirus infeksiyasi holati qayd etilgan. Bu butun pandemiya davridagi rekord hisoblanadi. Yevropadagi eng yuqori o‘sish — 7,1 mln kishida aniqlangan. 43 461 kishi esa vafot etgan — RIA Novosti.

AQShning Johns Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 12 yanvar kuni dunyoda COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni qariyb 313,5 mln nafarga yetdi. Dunyoda COVID-19 infeksiyasidan keyin virus tarqalishi boshlanganidan beri 5 504 291 kishi vafot etdi. AQSh, Hindiston va Braziliyada COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan soni 20 milliondan oshgan — Interfaks.


Germaniya IIV rahbari Telegram bloklanishi mumkinligini aytdi

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer o‘z platformasida o‘ta o‘nglar va koronavirus cheklovlari muxoliflari Germaniya qonunlarini buzishda davom etsa, mamlakat Telegram messenjerini bloklashga majbur bo‘lishini istisno etmadi. Bu haqda Interfaks ma’lum qildi.

«Blokirovka qilish jiddiy qaror va, shubhasiz, oxirgi chora bo‘ladi. Undan oldin biz boshqa barcha imkoniyatlarni sinab ko‘ramiz», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya rahbariyati Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari rasmiylari bilan Telegram’ga reglament joriy etish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

2021 yilning yozida Germaniya Adliya vazirligi servis egalariga, xususan, messenjer platformasida shubhali kontent yuzasidan shikoyat berishning aniq tartibi va uni aniqlashning imkoni yo‘qligi sababli da’volar bilan chiqdi. Xabar qilinishicha, Berlin kompaniyadan Germaniya rasmiylari bilan hamkorlik qilishni, noqonuniy kontentni olib tashlashni va tergov uchun zarur ma’lumotlarni maxsus xizmatlarga topshirishni boshlashni talab qilgan. Germaniya kompaniyaning Dubaydagi ofisidan rasmiy so‘rovga javob olmagan.


Qozog‘iston biznesi tartibsizliklar tufayli 240 mln dollardan ko‘proq zarar ko‘rdi

Qozog‘istondagi tartibsizliklar natijasida biznesga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 103,7 mlrd tengeni (joriy kurs bo‘yicha 240 mln dollardan ortiq) tashkil etdi, shundan 102 mlrd tenge Olmaota hisobiga to‘g‘ri keladi, deya xabar berdi Interfaks. Tadbirkorlar milliy palatasining qayd etishicha, Aqto‘be va Mangistau viloyatlari tadbirkorlari talonchilardan ko‘rgan zararlari haqida xabar bera boshlagan.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘istonning 11 viloyatida jabrlangan 1,6 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari aniqlangan.

«1885 ta obyektdan 1615 tasi jabrlangan tadbirkorlik subyektlari aniqlandi, shundan Olmaotada — 1771 ta obyektdan 1506 tasi jabrlangan», — deya qayd etdi palata.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan obyektlar tarmoqlar bo‘yicha quyidagicha:

  • savdo — 1482 ta;
  • umumiy ovqatlanish — 44 ta;
  • moliya sektori — 61 ta;
  • logistika — 23 ta;
  • ommaviy axborot vositalari — 5 ta.

«Tolibon» Afg‘onistonning kelasi uch oy uchun 509,4 mln dollarlik budjetini tasdiqladi

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan «Tolibon» harakati kelgusi uch oy uchun, ya’ni afg‘on taqvimiga ko‘ra yangi yil oldidan (21 martdan — Grigoriy kalendari bo‘yicha) qariyb 509,4 mln dollarlik davlat budjetini tasdiqladi. Bu haqda 12 yanvar kuni Afg‘oniston Moliya vazirligiga tayanib TASS xabar berdi.

«Afg‘oniston Islom Amirligi Vazirlar Mahkamasi hijriy 1400 yilning so‘nggi uch oyi — jedi (Grigoriy taqvimi bo‘yicha 22 dekabrdan 20 yanvargacha), dalva (21 yanvar — 19 fevral), xut (20 fevraldan 20 martgacha) uchun budjetni tasdiqladi. Umumiy budjet 53,9 mlrd afg‘oniy (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan — 510 mln dollar), shundan 49,2 mlrd afg‘oniy (467 mln dollar) muntazam budjet, 4,7 mlrd afg‘oniy (44,6 mln dollar) esa rivojlanish budjeti uchun», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, «Tolibon» tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumat mamlakatda moliyaviy yilni 21 martdan boshlashga qaror qilgan edi. Aytilishicha, hozir Afg‘oniston budjeti xorijiy moliyaviy yordam hisobga olinmagan holda shakllantirilmoqda.

Shuningdek:

  • «Tolibon» O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylarini ushbu davlatlarga olib ketilgan afg‘on samolyotlari va vertolyotlarini qaytarishga chaqirdi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati mudofaa vaziri v. b. Muhammad Yoqubning aytishicha, agar davlatlar buni qilmasa, «ularni buning oqibatlari kutmoqda».