Prezident 11 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245 va 2458-moddalariga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi [O‘RQ-744-son] qonunni imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi huquqbuzarliklarga oid ishlar Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) va uning devoni xodimlari tomonidan ko‘rib chiqiladi:
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish (MJtKning 43-moddasi);
- yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish (200−2-modda);
- hususiy mulk huquqini buzish (241−1-modda);
- tadbirkorlar faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish (241−2-modda);
- tadbirkorlar faoliyatini va (yoki) ularning bank operatsiyalarini qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish (241−3-modda);
- tadbirkorlarni homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish (241−4-modda);
- imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy rad etish, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilish (241−6-modda);
- tadbirkorlar hisobvaraqlarida pullari mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni qonunga xilof talab qilib olish (241−8-modda);
- tadbirkorlardan qonunchilikni buzgan holda hujjatlar talab qilib olish (241−10-modda).
Mazkur Qonun qabul qilingungacha ushbu huquqbuzarliklar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Biznes-ombudsman nomidan ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima qo‘llashga uning o‘rinbosarlari va Vakil devoni bosh inspektorlari haqli.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.