10 yanvarga o‘tar kechasi Toshkentning Yunusobod tumanida niqobdagi noma’lum shaxslar 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashladi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida o‘sib turgan 18 tup daraxtning 10 tupi dekabr oyi o‘rtalarida noma’lum shaxslar tomonidan yarmigacha arralab ketilgan edi. Ularning navbatdagi urinishi odamlar arra ovozini eshitib chiqqanidan keyin chala qoldi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

Daraxtlar o‘sib turgan uchastka elektron auksionda doimiy foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan tadbirkorga poytaxt hokimligi tomonidan biriktirilgan.

«Gazeta.uz»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, auksion 2020 yilning yozida bo‘lib o‘tgan. Boshlang‘ich bahosi 168 mln so‘mni tashkil etgan yer yakunda qariyb 1 mlrd so‘mga sotilgan. Yer uchastkasining maydoni 115 kv m. bo‘lib, hujjatlarda ofis binosi va novvoyxona qurish uchun taqdim etilgani ko‘rsatilgan.

Arxiv surati: «Gazeta.uz».

Uchastkaga tutash ko‘p qavatli uylar aholisi qurilishga qarshi chiqdi. Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishni rad etdi.

Arxiv surati: «Gazeta.uz».

Kechasi 10 tup daraxt kesilgach, ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun agrotexnik tadbirlarni amalga oshirdi. Qarag‘ay daraxtlari tanasidagi jarohatlar davolandi va yopildi, daraxtlar raqamlandi. Shov-shuvlarga qaramay, daraxtlarga ikkinchi marta suiqasd uyushtirildi. Fotosuratlarga qaraganda, ba’zi daraxtlarni kesishga ulgurishmagan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

Ekologiya davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, uchaskaga huquq egasi tadbirkor J.G. huquq-tartibot organlariga ekologlar ustidan ariza bilan murojaat qilgan. Unda aytilishicha, daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazishdan bosh tortish uning huquqlarini buzadi. Sud uning shikoyatini qanoatlantirishni rad etdi.

Mazkur uchastkadagi qonunbuzilish holatlarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan to‘plangan ma’lumotlar bilan birga hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Yunusobod tuman prokuraturasiga taqdim etildi. Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda daraxtlarga zarar yetkazgan shaxslarning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, dekabrda arralab ketilgan holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

«Yunusobod tumanida 10 dona qarag‘ay arralab ketilganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deyiladi xabarda.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

Shu kuni tunda hodisa joyiga Ekoqo‘m raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi qo‘mita vakillari tashrif buyurdi.

Qo‘mita bayonotida qayd etilishicha, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan vaqtda yuz bergan bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Qo‘mita rahbariyati huquqbuzarlarga nisbatan tez kunda qat’iy choralar ko‘rilishini izchil nazorat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar vabutalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi. Jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirildi. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlandi.