«Toshkent-Chinoz» avtomobil yo‘lini ta’mirlash rejalashtirilmoqda. 10 yanvar kuni loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.


Mazkur yo‘l juda serqatnov bo‘lib, bir kecha-kunduzda 60−65 ming avtotransport harakatlanadi. «Shu bois uning 10 km qismini ta’mirlash, 5 dona yerosti o‘tish yo‘lagi va qo‘shimcha mahalliy yo‘llar qurish mo‘ljallangan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, poytaxtdagi Temur Malik ko‘chasini 6 tasmali etib kengaytirish, uning ikki chetida ko‘p qavatli uy va xizmat ko‘rsatish binolari qurish reja qilingan.

Binafsha rang bilan birinchi qavatida do‘konlar bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylarni qurish rejalashtirilgan maydonni aks ettiradi. Foto: «O‘zbekiston 24» lavhasi.

«O‘zbekiston 24»da e’lon qilingan тақдимот lavhalariga ko‘ra, yo‘lning ikki chetidagi ko‘plab uy-joylarni buzish va ularning o‘rnida 1800 ta xonadon uchun 50 ta uy bunyod etish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, uylarning birinchi qavatida 100 ta do‘kon qurish ham reja qilingan.

Toshkent viloyati MIB hududi (1,2 gektar), ijtimoiy markaz hududi (1,3 gektar) va zaxira hududga (0,85 gektar) jami 888 ta xonadonli 23 ta uy va 16 ta do‘kon bunyod etiladi. Bundan tashqari, klinika (0,75 gektar), ijtimoiy markaz (2,3 gektar) va bog‘ (1 gektar) qurilishi maqsad qilingan.

Temur Malik ko‘chasining 4 tasmali yo‘lining Yandeks.Panoramada ko‘rinishi.

Prezidentga shuningdek, Jizzax shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida 210 metrli yo‘l o‘tkazgich barpo etish bo‘yicha loyiha taqdim etildi.


«Davlat rahbari bu loyihalarni ma’qullab, ularning hujjatlarini ishlab chiqish, sifatli qilib qurish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi», — deyiladi xabarda.