Andijonlik taksichining murdasi Yashnobod tumanidagi avtoturargohdan topildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot kotibi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik taksichining Toshkent viloyatida o‘ldirib ketilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashagan M.Otaxonov (1991 y. t.) Cobalt avtomashinasida «Andijon-Toshkent» yo‘nalishida qatnab, aholiga pulli transport xizmati ko‘rsatib kelgan. U 7 yanvar kuni soat 17:55 lar atrofida Shahrixon tumanidagi avtoturargohdan bir fuqaroning 11650 AQSh dollarini Toshkentdagi tanishiga olib borib berish uchun olgan.

U, shuningdek, notanish bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchini ham o‘z avtomashinasida Toshkent shahriga olib ketib, bedarak yo‘qolgan.

8 yanvar kuni uning onasi O.Latipova tuman IIBga o‘g‘li M.Otaxonovning 7 yanvar kuni uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolganini bildirgan va uni topishda amaliy yordam so‘ragan.

M.Otaxonovni qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, Shahrixon tuman prokuraturasi 9 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida M.Otaxonovning murdasi 9 yanvar kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi avtoturargohda Cobalt avtomobili yukxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Ayni paytda mazkur jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi Qo‘qon shahar hududidan ushlangan va tergovga jalb qilingan.

Hozirda Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ketmoqda.