DXX Farg‘ona viloyatida ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan shaxsni qo‘lga oldi.

Ta’kidlanishicha, viloyatning Uchko‘prik tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan «U.M.» Internet tarmog‘i orqali yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan. Natijada Suriyadagi «Islom davlati» xalqaro terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish maqsadida 2021 yilning aprelida Turkiyaga borgan. Lekin, u yerdan Suriya hududiga o‘ta olmagach, sentabr oyida doimiy yashash manziliga qaytib kelgan.

So‘ngra, Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi yaqin aloqalaridan iborat yashirin «jamoat» tuzib, ular orasida «Islom davlati» terroristik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagani aytilmoqda.

«Aniqlanishicha, mazkur shaxs o‘zining uyali telefon apparati orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan audio va video materiallarni tinglab, tomosha qilib, ularning ta’sirida «jamoat» a’zolari orasida «jihod» hamda «shahid"likka chorlovchi audiosuhbatlar olib boradi», — deyiladi xabarda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, «U.M.»ning uyali telefon apparati xotirasidagi ma’lumotlar o‘zining mohiyati va mazmuni, ularda ilgari surilgan g‘oyalar jihatidan O‘zbekistonda jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallar sirasiga kirishi, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu ma’lumotlarni O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Hozirda «U.M.» va uning aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmokda.