O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Qobuljonov Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan axboroti e’lon qilindi.

Unda TIV qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormayotganini ta’kidlagan. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari — Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etilgan.

«Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatildi. Ularga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta’minlangan. Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishda tezkor yordam ko‘rsatilmoqda», — deyiladi xabarda.

Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular «Uzbekistan Airways» kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olma-ota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada ekanligi ta’kidlangan. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.

U shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +77710203673), Olma-ota (telefon raqami: +77779504433) va Aqtau (telefon raqami: +77775990051) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.