Niqob taqmaganlar avvaliga ogohlantiriladi, qo‘pol qoidabuzarlar esa jarimaga tortiladi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilovning aniqlik kiritishicha, niqob taqmagan fuqarolar avvaliga ogohlantiriladi, qo‘pol qoidabuzarlar esa jarimaga tortiladi. IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov esa 9 yanvar kuni karantin qoidalarini buzgan 899 kishidan, 721 nafari ogohlantirilgani, qolgan 178 nafari esa jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Jizzax shahrida eskirgan gaz quvurlari almashtiriladi

Jizzax shahrida eski gaz quvurlari 1,5 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi yangi quvurlar bilan almashtirish rejalashtirilmoqda. Gaz taqsimlash stansiyalari soni ham qisqaradi. Mazkur loyiha Turkiyaning Aksa kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

S7 Airlines samolyoti Urganchga favqulodda qo‘ndi

Moskva — Qarshi reysini amalga oshirayotgan Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasi samolyoti kechasi Urganchga favqulodda qo‘ndi — yo‘lovchilardan biriga tez tibbiy yordam kerak bo‘ldi.

Yunusuboddagi daraxtlarga ikkinchi marta suiqasd uyushtirildi

Toshkentda niqobdagi noma’lum shaxslar dekabr oyidan buyon ikkinchi marta archa daraxtlarini kesib tashlashga urinishdi. Uchastkani auksionda sotib olgan tadbirkor daraxtlarning ko‘chirilishiga rad javobini bergan ekologlar ustidan shikoyat qildi.

Toshkent-Chinoz avtomobil yo‘li va poytaxtdagi Temur Malik ko‘chasi ta’mirlanadi

Prezident dushanba kuni Toshkent va Jizzax viloyatlari hamda poytaxtda avtomobil yo‘llarini ta’mirlashga oid loyihalar bilan tanishdi. Unga ko‘ra, «Toshkent-Chinoz» avtomobil yo‘lining 10 km qismini ta’mirlab, 5 dona yerosti o‘tish yo‘lagini bunyod etish, Jizzax shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida 210 metrli yo‘l o‘tkazgich barpo etish, qolaversa, Toshkentdagi Temur Malik ko‘chasini 6 tasmali etib qayta qurish rejalashtirilmoqda.

Kunlik koronavirus holatlari soni 400 dan oshdi

Dushanba kuni 425 kishida koronavirus aniqlandi. Yana 4 kishi kasallikdan vafot etdi.

TIV: Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchilar ro‘yxati tuzildi

O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Qozog‘istondagi fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Nur-Sulton shahridan aviaparvozlar amalga oshirilmoqda, qolaversa, Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzilgan. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.

Bedarak yo‘qolgan andijonlik taksichining jasadi Toshkentda Cobalt yukxonasidan topildi

Andijon-Toshkent yo‘nalishida taksichilik qiluvchi fuqaro Toshkentga yo‘lovchi olib ketib, bedarak yo‘qolgan. Uning jasadi Toshkentdagi avtoturargohda turgan Cobalt yukxonasidan topildi. Hozirda 3 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Alisher Usmonovga tegishli kompaniya «Kapitalbank»dagi ulushini 25 foizgacha oshirdi

Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lgan «Telekominvest» MCHJ «Kapitalbank» ustav kapitalining 8,33 foizini sotib oldi. Endilikda ushbu kompaniya «Kapitalbank»ning 25 foiz ulushiga ega.

Ba’zi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS imtiyozlari 4 oyga uzaytiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qo‘shilgan qiymat solig‘i imtiyozlari bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari 2022 yil 30 aprelga qadar QQSdan ozod qilinadi.

Hududlarda odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalari tashkil qilinadi

Hukumat qarori bilan Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalari, Samarqandda esa Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyaci tashkil etiladi.

Farg‘onada 19 yoshli ISHID tarafdori qo‘lga olingani aytilmoqda

Farg‘ona viloyatida avvaliga «Islom davlati» terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish niyatida Turkiyaga borgan, Suriyaga o‘ta olmagach, O‘zbekistonga qaytib kelib, tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagan 19 yoshli shaxs qo‘lga olingani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

«Hokimlarning kengash raisi maqomini bekor qilish». Hujjat 2,5 yil oldin tayyorlangan, biroq qabul qilinmagan

2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. «Gazeta.uz» ning aniqlashicha, Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan. Biroq, hujjatning undan keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qonunchilik palatasi ma’lum qilishicha, «hujjat quyi palataga kelib tushmagan, shu sababli muhokama qilinmagan». Senat esa sukut saqlamoqda.