Dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda olingan video tarqaldi, unda o‘nlab odamlarning yo‘l bo‘ylab to‘xtab turgan mashinalar orasidan yugurib yurgani va uzoqdan shovqin-suron eshitilayotgani aks etgan. E’tiborliroq internet foydalanuvchilari mushaklarning miltillashini ko‘rdi, biroq ba’zi Telegram-kanallari shahar aholisi yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabar tarqatdi.

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabarida aytilishicha, video 31 dekabr kuni tasvirga olingan va undagi odamlar aslida viloyatning bosh archasi o‘rnatilgan «Afsonalar vodiysi» bog‘ini tark etayotgan bo‘lgan.

Shu kuni viloyat hududida norozilik chiqishlari va namoyishlar hamda ko‘ngilsiz xolatlar sodir etilmagan, deyiladi bayonotda.

Videoni jamoat tartibini saqlash tadbirlarida ishtirok etgan huquq-tartibot idoralari xodimlaridan biri suratga olgan.

Bayonotda aytilishicha, o‘sha kuni istirohat bog‘ida IIB JQB, TEQKB, HPB, PPXva JTSB, Kinologiya xizmati, Namangan shahar IIO FMB 1-sonli IIB xamda Milliy gvardiyadan jami 253 nafar xodim xizmatga jalb qilingan.