Qozog‘istonda yanvar oyi avvalida boshlangan tartibsizliklar ortidan yuzaga kelgan vaziyat tufayli Belarus va Ukrainadan O‘zbekistonga import qilinadigan go‘shtni yetkazib berish kechikmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga go‘sht importi va uni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ma’lum qildi.

Go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Promeat korxonasi direktori, fermer Izzat Mutalov Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekistondagi chorvachilik sohasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning go‘sht, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari O‘zbekiston oziq-ovqat bozoridagi talabni sezilarli hajmda qondiradi. Qolaversa, Qozog‘iston O‘zbekistonga quruqlik orqali yuk tashish uchun ulkan hududiy tranzit zona hisoblanadi.

«QQSning bekor qilingani hisobga olingan holda, Qozog‘iston hukumati inqiroz sababli olti oy muddatga go‘sht eksportini taqiqlagani, yopiq chegaralar hamda Belarus va Ukrainadan (O‘zbekistonga eng yirik muzlatilgan go‘sht yetkazib beruvchilar— tahr.) go‘shtni Qozog‘iston hududi orqali olib o‘tishning mumkin emasligi — bularning barchasi yaqin kelajakda narxlarga keskin ta’sir ko‘rsatishi muqarrar», — deya qayd etdi tadbirkor.

Izzat Mutalovning ma’lum qilishicha, 7 yanvar sanasining o‘zida ulgurji bozorda go‘sht narxi 2000 so‘mga oshgan.

«Narxlarning o‘sish vektorini hech kim aniq ayta olmaydi, chunki vaziyat bizga bog‘liq emas. Bunday vaziyatda hushyorlik va sog‘lom aqlni yo‘qotmaslik hamda nafaqat qo‘shni davlat va mintaqadagi vaziyat normallashuvining qisqa muddatli davrida muhim qarorlar qabul qilish, shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida, yerdan foydalanishda va bozor mexanizmlariga o‘tishda jiddiy islohotlarga zamin yaratish zarur», — deya ta’kidladi u.

Tadbirkorning fikricha, qo‘shni davlatdagi inqiroz O‘zbekistonning asosiy zaif nuqtasini ko‘rsatib berdi.

«Biz go‘sht yetkazib berishda Qozog‘istondan umid qildik, bunda chorvachilik va qishloq xo‘jaligiga tizimli o‘tish imkoniyatiga ega emasligimizni shunchaki o‘zimiz uchun tan olibgina qolmay, eskirgan qarashlarning kuchiga va tasodifga ko‘r-ko‘rona ishongan holda, bu borada muhimroq biror ishga qo‘l urishni shunchaki xohlamadik», — dedi u.

Izzat Mutalov narxlarni faqat ma’muriy vositalar bilan tartibga solib bo‘lmasligini, balki bozor mexanizmlari va o‘z taklifi bilan ichki bozordagi talabni qondira oladigan tadbirkor fermerlar va chorvador mutaxassislar sonini ko‘paytirish imkoniyatlarini ham yaratish zarurligini ta’kidladi.

«Ishonchim komilki, qishloq xo‘jaligida iqtisodiyotimizga qisqa fursatda ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy o‘zgarishlarni boshlash uchun bizda barcha shart-sharoit va, eng asosiysi, prezidentimiz va uning islohotchilik yo‘li timsolidagi siyosiy iroda mavjud», — deydi tadbirkor.

30 noyabr kuni Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoramol va mayda shoxli mollar eksportiga olti oy muddatga, kartoshka va sabzi eksportiga esa uch oy muddatga taqiq o‘rnatilganini ma’lum qilgan edi.

Izzat Mutalovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Qozog‘iston tomonidan, shuningdek, go‘sht eksportiga ham taqiq o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston hududi orqali yuklarni olib o‘tishda ham muammolar kuzatilmoqda.

Import qilingan go‘shtning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi yana ikki nafar tadbirkorning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, ularning yuk mashinalari Rossiya-Qozog‘iston chegarasida, Aktobedagi nazorat-o‘tkazish punktida ushlanib qolgan.

Toshkentdagi Exclusive Company SAA kompaniyasi direktori Alisher Saidov so‘nggi kunlarda Belarusdan go‘sht yetkazib berish bo‘yicha mijozlar tomonidan murojaatlar ko‘payganini ta’kidladi.

«Mening go‘sht ortilgan yukim Belarusdan chiqib ketishi kerak edi. Ko‘plab go‘sht sotuvchilar va hatto boshqa importyorlar ham mashinalarim qachon kelishini so‘rashmoqda. Bilishimcha, Aktobeda ko‘plab importyorlarning mashinalari ushlanib qolgan. Hamkasbimning haydovchisi 2 yanvar kuni O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqishi kerak edi, lekin u haligacha chegarani kesib o‘ta olmadi», — dedi u.

Tadbirkorning fikricha, go‘sht importyorlari O‘zbekistonga go‘sht olib kira olmasa, yangi yildan oldin go‘sht olib kirishga ulgurganlar esa zaxiradagisini ham sotib bo‘lgan bo‘lsa, bu ichki narxlarga bosim o‘tkazadi.

«Ajiotaj allaqachon boshlangan. [Import qilingan] go‘sht hech qayerda yo‘q. Chunki uzoq vaqtdan beri aloqaga chiqmagan eski mijozlar ham go‘sht masalasida menga murojaat qilishni boshladilar», — dedi u.

Namangan viloyatidagi Chartak Fidani fermer xo‘jaligi rahbari va ta’sischisi Farrux Musaboyev 7 yanvar kuni «Gazeta.uz» bilan suhbatda uning go‘sht ortilgan yuk mashinalari Aktobeda bo‘lib turganini qayd etdi.

«Bizning barcha mashinalarimiz, mana uchinchi kunki, Qozog‘iston va Rossiyada. Bir qismi — Aktobeda, boshqa qismi — Rossiyada, Qozog‘istonda vaziyat barqarorlashmaguncha u yerdan mashinalarni olib chiqmaymiz… Qozog‘istonda nafaqat bizning, balki boshqalarning yuklari ham o‘tkazilmayapti. Hozir yo‘llarda soqchilar va BTRlar qo‘yilgan», — deya ma’lum qildi u.

Tadbirkor o‘zining to‘rtta yuk mashinasining umumiy qiymati 300 ming dollarni tashkil etishini va yukning xavfsizligiga ishonch hosil qilmaguncha, tavakkal qilishni istamasligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, arzon import go‘sht bo‘lmasa, bozorlarda sotuvchilar qushxonalarga murojaat qilishadi, ular esa narxlarni ko‘tara boshlaydi.

Farrux Musaboyev Belarusdan import qilingan go‘shtni ulgurji bozorda 51−53 ming so‘mdan sotib kelganini, mahalliy go‘sht narxi esa qushxonalarda 60 ming so‘mdan boshlanishini qayd etdi.

«Kecha bu narxga [60 ming so‘m] 3000 so‘m qo‘shildi, chunki kecha-bugun (6−7 yanvar — tahr.) go‘sht sotmadik. Bungacha kuniga bittadan yuk mashinasida [yuk] tarqatganmiz», — deya ma’lum qildi tadbirkor.

Fermer xo‘jaligi rahbari, shuningdek, Qozog‘iston norozilik namoyishlari va tartibsizliklar tufayli go‘sht eksportini to‘xtatganini tasdiqladi.

«Agar Qozog‘iston O‘zbekistonga go‘sht sotmasa, ularda narx keskin tushadi. Chunki ularda yetarlicha chorva mollari bor. Odatda O‘zbekiston go‘shtni Chimkent, Qorabuloqdan sotib olardi», — deya ta’kidladi u.

RBK`ning yozishicha, Rossiyaning ayrim transport kompaniyalari Qozog‘istonga yuk tashish va bu mamlakat orqali tranzitni 10 yanvargacha to‘xtatib qo‘ygan. Yuk tashuvchilar Qozog‘istonga yetkazib berishni to‘xtatishga va chegarani kesib o‘tib bo‘lgan mashinalarni joylashtirishga majbur. Ular yukning xavfsizligi uchun katta tavakkalchilikni o‘z zimmalariga olishni xohlamaydilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan 2022 yil 31 dekabrga qadar besh turdagi tovarlar, jumladan, go‘sht, sariyog‘, un va sovun importi uchun bojxona to‘lovi bekor qilingan edi. Bungacha ushbu tovarlar uchun stavkalar 5 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan. Dekabr oyi oxirida hukumat bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, sariyog‘ va kartoshkani olib kirish va sotish uchun QQSning nol stavkasini yana to‘rt oyga uzaytirishni taklif qilgan edi.

«Gazeta.uz» avvalroq Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida yozdi.