O‘zbekiston prezidenti Qozog‘istonga ta’ziya bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatdagi fojiali voqealar va ularning natijasida ko‘plab harbiylar va aholi vakillari nobud bo‘lgani hamda ko‘rilgan katta talofatlar munosabati bilan Qozog‘iston xalqi va prezidentiga ta’ziya izhor etdi.

Yakshanba kuni 389 kishida koronavirus aniqlandi

O‘zbekistonda yakshanba kuni deyarli 390 kishida koronavirus aniqlandi, 3 nafar koronavirus bemori vafot etdi.

Omikron aniqlangan shaxs kelgan samolyotda jami 200 kishi bo‘lgan

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ilk «omikron» aniqlangan bemor bilan birga samolyotda 130 nafar o‘zbekistonlik, 70 nafar chet el fuqarosi bo‘lganini va ularning barchasi karantinga olinganini ma’lum qildi. U shuningdek, O‘zbekistonda omikron 7 yanvar kuni aniqlansa-da, 8 yanvar kungi xabarda omikron aniqlanmagani aytilganiga izoh berdi.

Hozircha qat’iy karantin joriy etish rejalashtirilmayapti

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish darajasi oshgani tufayli qat’iy karantin joriy etish rejalashtirilgani yo‘q. Ommaviy tadbirlar bekor qilinmagan, ammo epidemiologik vaziyatga qarab choralar keskinlashishi mumkin, deya ta’kidlandi poytaxtda o‘tgan SSV va SEO matbuot anjumanida.

«Jarima to‘g‘risida gap yo‘q». Habibulla Oqilov niqob taqmaganlar jarimaga tortilishi haqida

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov niqob taqmaganlar jarimaga tortilmasligini, aksincha ogohlantirilishini ma’lum qildi. «Yo‘lda to‘xtatgan militsiya, Milliy gvardiya xodimi o‘zi niqobni „iltimos shuni taqib oling“ deb beradi. Hech qanday jarima to‘g‘risida gap yo‘q», — dedi u.

«Ichki ishlar xodimi emas». Navoiyda qora niqobdagi shaxslar fuqarolarni kaltaklagan holatga izoh berildi

To‘dako‘l suv havzasida qora niqobdagi nazoratchi inspektorlar va baliqchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Viloyat IIB formadagi shaxslar «Ichki ishlar xodimi emasligi va egnidagi libosi, vazirlik shevroni hamda rezina tayoqlarni qayerdan olgani» o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan JKning bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ta’til vaqtida o‘qituvchilarning maoshi saqlanib qoladi, yozgi ta’til muddati esa qisqarmaydi

Xalq ta’limi vazirligi maktablarda qishki ta’til uzaytirilgan muddatda o‘qituvchilar va xodimlarning oylik maoshi to‘liq to‘lab berilishini ma’lum qildi. Qolaversa, yozgi ta’tilga chiqish vaqti o‘zgarmaydi, uchinchi chorak o‘quv kunlari 1−4-sinflarda 9 kun, 5−11-sinflarda 11 kunga qisqaradi, darslar esa tig‘izlashtirib o‘tiladi. Ta’til kunlari o‘quvchilarni maktablardagi to‘garaklarga jalb etish taqiqlanadi.

O‘zbekistonga go‘sht importi Qozog‘istondagi vaziyat tufayli kechikmoqda

O‘zbekistonga Belarus va Ukrainadan import qilinadigan go‘shtni yetkazib berish kechikmoqda. Bu ko‘plab yuklar uchun tranzit yo‘lagi hisoblangan Qozog‘istondagi inqiroz bilan bog‘liq. «Gazeta.uz» bilan suhbatda bo‘lgan uch tadbirkor yetkazib berishdagi uzilishlar narxlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

Kreditlarga asoslangan iqtisodiy o‘sish xavflarni keltirib chiqarishi mumkin — Fitch

Kreditlash hisobiga O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori o‘sish sur’atlari aktivlar sifatining yomonlashuvi va banklarning tashqi moliyalashtirish manbalariga qaramligining kuchayishi kabi risklarni keltirib chiqarishi mumkin, deyiladi Fitch Ratings agentligi hisobotida.

O‘zbekiston Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealardan saboq chiqarishi kerak — Aleksandr Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko KXSHT sammitida so‘zlagan nutqida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealardan birinchi navbatda O‘zbekiston saboq olishi kerakligini, chunki tartibsizliklar tashkilotchilari unga ko‘z tikib turganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Qozog‘istondagi vaziyat nafaqat tashqi, balki ichki omillarga ham bog‘liq ekanligini aytdi.

Surxondaryoda kuchsiz zilzila sodir bo‘ldi

Surxondaryoning Boysun tumanida kechasi kuchsiz zilzila sodir bo‘ldi. Bu va boshqa hududlarda yer osti silkinishlari kuchi 2 dan 3 ballgachani tashkil etdi.